Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev kuchlilar safida kurashni davom ettiradi
12:20 / 2023-08-02

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida shaxmat bo‘yicha jahon kubogining 1/64 final bosqichida ishtirok etadigan barcha shaxmatchilarning nomlari aniqlandi.

Mukofot jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollardan ziyod bo‘lgan mazkur nufuzli musobaqada iste’dodli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov asosiy tur bahslarida, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Nilufar Yoqubboyeva ilk davra musobaqalarida ishtirok etishi belgilangan edi. 

Musobaqaning ilk davrasida qatnashgan Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev raqiblarini mag‘lub etib, asosiy turda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shamsiddin Vohidov ozarbayjonlik Abdulla Gadimbayliga, Nilufar Yoqubboyeva slovakiyalik Yeva Repkovaga imakoniyatni boy berib qo‘ydi. 

Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi jahon kubogining 1/64 bosqichida kuch sinashadigan shaxmatchilarning to‘liq ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov turkiyalik Vahob Sanal bilan, Javohir Sindorov avstriyalik Markus Ragger bilan, Nodirbek Yoqubboyev vengriyalik Benjamin Gredura bilan ro‘baro‘ keladi. O‘yinlar 2 ta turdan iborat tarzda o‘tkaziladi.  

Bugun, 2 avgust kuni jahon kubogining 1/64 final musobaqalarining 1-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.  

Eslatib o‘tamiz, 24 avgustga qadar davom etadigan jahon kubogida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 111 ming, 2-o‘rin sohibi 80 ming, 3-o‘rindan joy olganlar 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.  

Musobaqada uchta sovrinli o‘rinni egallaganlar 2024 yili shaxmat toji uchun kurashadiganlar qatoriga kiritiladi.  

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA