Shaxmat: Nilufar Yoqubboyeva “Mersin Open-2025”da muvaffaqiyatga erishdi
Turkiyaning Mersin shahrida o‘tkazilgan “Mersin Open-2025” xalqaro turnirida hamyurtimiz Nilufar Yoqubboyeva muvaffaqiyatga erishdi.
To‘qqizinchi bor tashkil etilgan nufuzli musobaqaning “A” guruhida dona surgan xalqaro grossmeyster N.Yoqubboyeva 9 ta turdan iborat bahslar sarhisobiga ko‘ra, 5,5 ochko jamg‘ardi.

Dunyoning mahoratli shaxmatchilariga qarshi kurash olib borgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi ushbu natija orqali umumiy hisobda 23-o‘rinni band etgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi.
E’tiborli jihati, “Mersin Open-2025”da munosib o‘yin namoyish etgan iqtidorli shaxmatchimiz ushbu natija tufayli xalqaro reyting uchun +22,2 ball qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA