French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: natijalar kurash oxirgi turgacha davom etishini ko‘rsatmoqda
19:00 / 2023-06-26

Dubay shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Global Chess League“ turniri kutilgan va kutilmagan vaziyatlarga boy tarzda kechmoqda.

Turnirning to‘rtinchi kungi o‘yinlari ortda qoldi.

Kecha, 25 iyun kuni o‘tkazilgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra, Javohir Sindorov a’zo bo‘lgan UpGrad Mumba Masters“ jamoasi qora donalarda Magnus Karlsendek kuchli shaxmatchilardan iborat “SG Alpine Warriors” jamoasi bilan kuch sinashdi. Mazkur o‘yinda Javohir Sindorov hindistonlik Pragnanandxaga kichik hisobda imkoniyatni boy bergan bo‘lsada, jamoadoshlarining munosib harakati tufayli hisob durang ko‘rinishini oldi – 3:3.

Nodirbek Abdusattorov qatnashayotgan “Balan Alaskan Knights“ vakillari esa kecha “Chingari Gulf Titans” a’zolari bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli o‘tgan o‘yinda Nodirbekning jamoadoshlaridan Yan Nepomnyashiy (Rossiya), Timur Rajabov (Ozarbayjon), Nino Batsiashvili (Gruziya) durangga erishgan bo‘lsa, Abdusattorov, Tan Chjongyi (Xitoy), Raunak Sadxvani (Hindiston) ning raqiblariga imkoniyatni boy berishi “Balan Alaskan Knights“ni ochko yo‘qotishiga olib keldi.

Shu tarzda Abdusattorovning jamoasi “Balan Alaskan Knights“ to‘rtinchi kungi o‘yinlar yakunidan keyin 2 ta g‘alaba, 2 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib turibdi. O‘z safida Javohir Sindorov bilan turnirda ishtirok etayotgan ”UpGrad Mumba Masters“ vakillari hozircha 1 ta g‘alaba, 3 ta durang 1 ta mag‘lubiyatga ega.

Ilk bor o‘tkazilayotgan “Global Chess League“ turnirida dunyoning eng kuchli shaxmat yulduzlarini o‘z safida jam etgan 6 ta jamoa bahslashayotgan bo‘lsa, ularning joylashuvi har bir tur so‘ngida yangicha ko‘rinish olmoqda. Bugungacha o‘tgan turlar yakuniga ko‘ra, biron bir jamoa hali to‘liq yetakchilikka ega bo‘la olganicha yo‘q. Bu, eng kuchli shaxmatchilar jamoasini aniqlash oxirgi turgacha davom etajagini anglatmoqda.

“Global Chess League“ turnirining g‘olib va sovrindor jamoalari 2 iyulda aniqlanadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA