“Sharjah Masters-2025” xalqaro turnirining “A” guruhidagi yakunlangan 7-tur o‘yinida Nodirbek Abdusattorov Anish Giriga qarshi dona surdi.
Oq donalarda saralangan Giri ham, qora donalarda ustunligini namoyish etishga intilgan Abdusattorov ham ehtiyotkorlikda dona surishdi. Bu, o‘yin natijasida ham o‘z aksini topdi. Uchrashuvning 29-yurish holatida tomonlar durangga rozi bo‘lishdi.

Ushbu natijadan keyin Niderlandiya sharafini himoya qilayotgan Anish Giri 6,6 ochkoga ega bo‘lgan holda yakka peshqadamga aylanib oldi. Nodirbek Abdusattorov 5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘ringa ko‘tarildi.
Mazkur tur yakunlariga ko‘ra, Abdusattorov singari yana 4 nafar shaxmatchi 5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda. 14 nafar ishtirokchi hisobida 4,5 ochko, yana 14 nafar qatnashchida 3 ochko mavjud.

Bugun, 24 may kuni 8-tur o‘yinlari tashkil etilsa, turnirning so‘nggi, 9-tur bahslari 25 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Mukofot jamg‘armasi 73 ming AQSH dollaridan iborat turnirning “A” guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 15 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Musobaqalarda 15-o‘ringacha bo‘lgan pog‘onalardan joy olganlar mukofot jamg‘armasida belgilangan miqdordagi mablag‘ga ega chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirning “A” guruhida 82 nafar shaxmatchi qatnashmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA