Qozog‘istonning Olmaota shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida FIDEning 34-mintaqaviy Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
Ortda qolgan 5-tur o‘yinlaridan so‘ng erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda qozog‘istonlik Aldiyar Ansat 5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. 2-o‘ringa da’vogarlik qilayotgan 4 nafar shaxmatchi hisobida 4 ochko mavjud.
Hamyurtimiz Muhiddin Madaminov 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-o‘rinda bormoqda.

Qit’a chempionatining ayollar musobaqasida terma jamoamiz a’zosi Afro‘za Hamdamova 5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. Uni taqib etayotgan 4 nafar ishtirokchi 4 ochkoga ega vaziyatda yana bir shaxmatchi qizimiz Umida Omonova 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 6-pog‘onani band etgan.
Bugun chempionatning 6-tur bahsida Muhiddin Madaminov 2-o‘rinni egallab turgan qozog‘istonlik Aristanbek Urazayev bilan kuch sinashadi.
Ayollar musobaqasida yuz foizlik imkoniyat bilan g‘alaba sari ishonch bilan odimlayotgan Hamdamova 6-turda qora donalarda Qozog‘iston vakili Kseniya Balabayevaga qarshi dona suradi. Umida Omonova esa qora donalarda yana bir qozog‘istonlik shaxmatchi qiz Liya Kurmangaliyeva bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSH dollaridan iborat chempionat bahslarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston jamoalarining 100 nafardan ortiq vakillari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
9 ta turdan iborat o‘yinlar 11 aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA