Tarixga aylangan 2025 yilda mamlakatimiz shaxmatchilari 100 ga yaqin turli ko‘rinishdagi jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlar, kubok bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar tufayli FIDE reytingiga ko‘ra, 2026 yilning ilk kunlarida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 12-o‘ringa, ayollar terma jamoasi esa 15-o‘ringa ko‘tarildi.
Bu haqda Sport vazirligida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yil yakunlari va joriy yilning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz tomonidan shaxmatga qaratilayotgan tizimli e’tibor natijasida O‘zbekiston shaxmati nufuzi yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.

Jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov, federatsiya bosh kotibi Bobur Sattorov ortda qolgan davrda yurtimiz shaxmatchilarining erishgan natijalari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Jumladan, 12 yoshdan oshgan, biroq hali asosiy tarkibga kiritilmagan iqtidorli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, shaxmatni barcha viloyatlarda tizimli rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani shuningdek, fristayl formatidagi musobaqa sinov tariqasida o‘tkazilishi va bu yo‘nalishdagi mashg‘ulotlarga e’tibor berilishi ma’lum qilindi.
Matbuot anjumanida O‘zbekistonda shaxmatning rivojiga munosib hissa qo‘shayotganlar hamda yil davomidagi xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan shaxmatchilar taqdirlandi.

O‘tgan yil Hindistonda yakunlangan jahon kubogida g‘oliblikka erishib, Da’vogarlar turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Javohir Sindorov “Yilning eng yaxshi shaxmatchisi”, Umida Omonova “Yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi”, deb e’lon qilingan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Marsel Shoyusupov, Selbi Kakisheva, O‘ktam Sheraliyev, Nurmuhammad Ne’matillaxonov, Husnora Husniddinova kabi shaxmatchi va mutaxassislar o‘z yo‘nalishlarida e’tirof etildi.
O‘tgan yil mamlakatimizda umumiy hisobda 26 ta musobaqalar yuqori saviyada o‘tkazildi. Ularning 11 tasi respublika, 15 tasi xalqaro darajada ekani, vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda 20 ga yaqin turnirlar tashkil etilgani yurtimizda shaxmat ommaviy harakatga aylanayotganidan, iqtidorli yoshlar safi kengayayotganidan dalolat, deyish mumkin.
Anjumanda joriy yil O‘zbekistonda o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalar, xususan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ishlari borasida ham fikrlar bildirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA