Janubiy Afrika Respublikasida jahon shaxmat yulduzlari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Freestyle Chess Champion-2025” turnirining saralash bahslarida hamyurtimiz Javohir Sindorov 5,5 ochko jamg‘argan holda 1-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 750 ming AQSH dollaridan iborat "Grand Slam" unvoni ya’ni, “Freestyle Chess Champion-2025” g‘olibi bo‘lish uchun sayyoramizning sakkiz nafar eng kuchli grossmeysterlari – Magnus, Karlsen, Levon Aronyan, Arjun Erigaisi, Fabiano Karuana, Vinsent Kaymer, Xans Nimann va Parxam Magsudlu bilan aylana tizimda kurash olib borgan Sindorov takrorlanmas o‘yin uslubi bilan saralash musobaqasining g‘olibiga aylandi.

Kecha 8 dekabr kuni o‘tgan 7 ta turdan iborat bahslarning 1-turida J.Sindorov jahon reytingi peshqadami norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi chiroyli partiya o‘tkazdi va g‘alabaga erishdi.
Shundan so‘ng, Kaymer va Arjun bilan o‘yinda durang qayd etdi. Magsudlu, Fabiano Karuana va Xans Nimann mag‘lub etildi. Saralashning oxirgi 7-turida Levon Aronyan bilan murosa yo‘lini tanladi.

Musobaqa nizomiga muvofiq, saralashda kuchli uchlikni egallagan shaxmatchilar raqiblarini tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Javohir Sindorov chorak finalda o‘ziga raqib sifatida eronlik Parxam Magsudluni qayd etdi.
Bir kun muqaddam tavallud ayyomini o‘ziga xos g‘alaba bilan nishonlagan J.Sindorov bugun, 9 dekabr kuni Parxam Magsudlu bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, yarim final ostonasida Levon Aronyan - Xans Nimann, Arjun Erigaisi - Vinsent Kaymer, Magnus Karlsen - Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi chorak final bahslari bo‘lib o‘tadi.
"Freestyle Chess Champion2025" turniri 11 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA