Ispaniyada shaxmat bo‘yicha davom etayotgan an’anaviy "IV El llobregat Open Chess" xalqaro turnirida mamlakatimiz yosh shaxmatchilari munosib natijalarni qayd etmoqda.
To‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan nufuzli turnirning “B” guruhida dona so‘rayotgan terma jamoamiz a’zolaridan Javohir Bozorov 4,5 ochko bilan peshqadamlardan biri bo‘lib turibdi.

Mahoratli shaxmatchi yoshlarimizdan Marjona Malikova, Maftuna Bobomurodova, Islombek Sindorov, Abdumajid Botiraliyev, Asal Salimova, Mumtozbegim Mansurova 4 ochkoga ega bo‘lgan holda “B” guruhidagi 77 nafar ishtirokchi orasida kuchli o‘nlikda bormoqda. Terma jamoamiz a’zolaridan Barchinoy Shokirjonova 3,5 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turibdi.
Bugun, 5 dekabr kuni xalqaro turnirning 6-tur o‘yinlarida Javohir Bozorov avstraliyalik Joachin Beistener bilan, Marjona Malikova fransiyalik Robin Koles bilan, Abdumajid Botiraliyev qora donalarda meksikalik Ferran Riyera Fregoso bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Asal Salimova — Maftuna Bobomurodova, Islombek Sindorov — Mumtozbegim Mansurova qarama-qarshiligidagi bahslar o‘tkaziladi.

Xalqaro turnirning “A” guruhida ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz Abdumalik Abdusalomov va Muhiddin Madaminov 150 nafar ishtirokchi orasida 3,5 ochko bilan 22 va 38-o‘rinlarda bormoqda.
Terma jamoamiz a’zolaridan Saidakbar Saidaliyev, Olmos Rahmatullayev, Humoyun Berdimurodov, Muhammadzohid Suyarov, Bahrom Bahrullayev kabi shaxmatchilar hisobida esa 3 ochko mavjud.

Mukofot jamg‘armasi 57 ming 250 yevrodan iborat "IV El llobregat Open Chess" turniri 9 turdan iborat bo‘lib, 8 dekabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov "Yel llobregat open chess" turnirining 2021 yilgi g‘olibi hisoblanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA