Bugun, 3 mart kuni Chernogoriyaning Petrovats shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining 6-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ortda qolgan 5 tur bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan Muhammadzohid Suyarov qora donalarda armanistonlik Benik Agasarov bilan durangga erishdi. Aytish lozim, Agasarov 3-turda terma jamoamizning yetakchi shaxmatchilaridan biri Muhiddin Madaminovni mag‘lub etgan edi.
Ushbu turda Muhiddin Madaminov xitoylik Sunle Gun bilan durangga erishgan bo‘lsa, Humoyun Bekmuratov, Asrorjon Omonov, Oriyat Obidjonov va Miraziz Matyoqubov raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun o‘tkaziladigan 6-tur bahslarida Muhammadzohid Suyarov qora donalarda mo‘g‘ulistonlik Ganzorig Amartuvshin bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Daniyal Sapenov - Muhiddin Madaminov, Humoyun Bekmuratov - Reym Sherman (Isroil), Asrorjon Omonov - Aleksey Grebnev (FIDE), Oriyat Obidjonov - Lyuyxen Chen(Xitoy) qarama-qarshiligidagi o‘yinlar o‘tkaziladi.
6-tur bahslari ostonasida 4 nafar shaxmatchi 4,5 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 10 nafar shaxmatchi hisobida 4 ochko mavjud.

Hamyurtlarimizdan Muhammadzohid Suyarov 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 7-o‘rinda bormoqda. Asrorjon Omonov, Muhiddin Madaminov va Humoyun Bekmuratov 32 nafar ishtirokchi singari 3 ochko bilan 35-67-pog‘onalar oralig‘ini band etishgan. Oriyat Obidjonov 2 ochko va Miraziz Matyoqubov 1,5 ochkoga ega bo‘lgan holda chempionatda ishtirokini davom ettirmoqda.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi kurashlarda uch nafar shaxmatchi 4,5 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan biri terma jamoamiz a’zosi Umida Omonova ekani e’tiborlidir. Hamyurtimiz qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 98 nafar qatnashchi orasida 3-o‘rinni band etib turibdi.
Mahoratli shaxmatchi qizlarimizdan Guldona Karimova, Afruza Hamdamova va Barchinoy Shokirjonova 6-tur o‘yinlari boshlanishi oldidan 3 ochkoga egalik qilmoqda. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa 2,5 ochko bilan 46-qatorda bormoqda.

Bugun o‘tkaziladigan 6-tur o‘yinlarida Umida Omonova oq donalarda ukrainalik Yelizaveta Grebenikova qarshiligini yengishga harakat qiladi. Afruza Hamdamova FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Aleksandra Tarasenko bilan, Guldona Karimova qora donalarda Leyla Shoxradova bilan, Barchinoy Shokirjonova qora donalarda isroillik Noga Orian bilan, Nilufar Imomqo‘ziyeva shvetsiyalik Laviniya Valku bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, 11 turdan iborat jahon chempionati musobaqalari 8 martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA