Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Jahon chempionati bahslarida “Uzbekistan” jamoasi qanday natija qayd etdi?
12:50 / 2025-06-14

Buyuk Britaniyaning London shahrida shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining rapid yo‘nalishidagi bellashuvlar poyoniga yetdi.

62 ta jamoa qatnashgan uch kunlik murosasiz va shiddatli “aql janglari”da Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Rustam Qosimjonov, Nodirbek Yoqubboyev, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Afruza Hamdamova, Shamsiddin Vohidovdan iborat “Uzbekistan” jamoasi rapid bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Hamyurtlarimiz kecha rapid musobaqalarining so‘nggi uchinchi kunida 2 g‘alaba, 1 ta durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Oxirgi 12-turda jamoamiz chempionatning eng kuchli jamoasi sanalgan “WR Chess” bilan ro‘baro‘ keldi.

Mashhur shaxmatchilarga ega “WR Chess” jamoasiga qarshi qora donalarda harakatlanish ancha mushkul vazifa edi.

Murosasiz o‘yinda Rustam Qosimjonov Hikaru Nakamura bilan, Shamsiddin Vohidov Uesli So bilan, Gulruhbegim Tohirjonova Aleksandra Kostenyuk bilan durangga erishdi. Nilufar Imomqo‘ziyeva Vadim Rozenshtaynni mag‘lubiyatga uchratdi. Shamsiddin Vohidov Maksim Vashe-Lagravga imkoniyatni boy berib qo‘ygan vaziyatda Nodirbek Abdusattorovning Alireza Firuzjaga qarshi irodali va qat’iy yurishi “Uzbekistan” jamoasining  3,5:2,5 hisobida g‘alabaga erishishini ta’minladi.

Rapid yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan 12 ta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, Hindiston shaxmatchilaridan iborat “MGD1” 21 ochko bilan 1-o‘rinni, Levon Aronyan sardorligidagi “Hexamind” jamoasi 20 ochko bilan 2-o‘rinni egalladi.

Vishvanatan Anand yetakchiligidagi “Freedom”, mahoratli shaxmatchilarimiz jamlangan “Uzbekistan” va “WR Chess” jamoalari 17 ochko bilan 3-5-o‘rinlardan joy olishdi.

Aytish lozim, rapid yo‘nalishidagi musobaqalarda munosib qatnashgan hamyurtlarimiz chempionat nizomiga muvofiq, 30 ming yevro miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 14 iyun kuni jahon chempionatining jamoaviy blits bahslari boshlanadi. Unda jamoalar 4 ta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishadi. Har bir guruhdan eng yaxshi natijaga erishgan 4 ta jamoa pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

“S” guruhidan joy olgan “Uzbekistan” jamoasi 1-turda “Bye” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyungacha davom etadigan jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevro etib belgilangan bo‘lib, 310 ming yevro rapid yo‘nalishidagi o‘rinlar uchun taqsimlandi. Endi blits bahslari sovrindorlari 190 ming yevro uchun kurash olib borishadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA