Futbolni “millionlar o‘yini”, kurash va boksni “polvonlar o‘yini” deb atashadi. Shaxmat esa — aql va sabr-toqat jangi. Unda har bir harakat puxta o‘ylangan strategiya va teran fikrga tayanadi. Sirdaryo viloyati "Yoshlar markazi" da O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlab, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Sirdaryo viloyat hokimi kubogi” musobaqasida bu hol yaqqol namoyon bo‘ldi.
Bellashuvda viloyatdagi boshqarma va tashkilotlardan 30 dan ortiq jamoa vakillari qatnashdi. Ular o‘zaro aql va mahorat sinovida bellashib, har bir qadamni puxta o‘ylab qo‘yishga harakat qilishdi. Intellektual o‘yinlar ishtirokchilardan mantiqiy fikrlash, sabr-toqat va strategik qaror qabul qilish mahoratini talab etdi.

– G‘alabaga erishish uchun raqiblar bilan to‘qqiz marotaba kuch sinashishga to‘g‘ri keldi, – deydi erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi xodimi Mansur Sangirov. – Raqiblarim orasida respublika miqyosida tanilgan shaxmatchilar ham bor edi. Biroz hayajon bo‘ldi, ammo qo‘rquv yo‘q edi. Kubokni qo‘lga kiritganim nafaqat men uchun, balki barcha hamkasblarim uchun ham quvonchli bo‘ldi. Bu natijada ish joyimizda yaratilgan imkoniyatlar va shaxmatga bo‘lgan qiziqish katta ahamiyat kasb etdi.
Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa birinchi o‘rinni Guliston davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Iroda Eshonqulova qo‘lga kiritdi.

G‘olib Sirdaryo viloyati hokimining kubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, sovrindorlar diplom, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, bunday tadbirlar xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, intellektual salohiyatni oshirish va jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Sirdaryo viloyatida shaxmat sportiga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Mahalliy maktab va kollejlarda shaxmat to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda, yoshlar o‘rtasida turli bellashuvlar tashkil etilmoqda. Mazkur “Sirdaryo viloyat hokimi kubogi” ham viloyatdagi sport an’analarini boyitish, ishtirokchilarning tajribasini oshirish va yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri