Braziliyada 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida 13 kun mobaynida davom etgan jahon chempionatining har bir kuni bizni chempionlik sari yaqinlashtirdi.
Afruza Hamdamovaning shiddati, Nilufar Imomqo‘ziyevaning kutilmagan dona surishlari, Javohir Bozorovning kombinatsion harakati raqiblarini shoshirib qo‘ygani bilan hali ko‘p bor yod etiladi.
Hamyurtimiz Afruza Hamdamova 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida muddatidan avval chempionlikni naqd qilgan bo‘lsa-da, kecha kechki payt o‘tgan 11-tur o‘yinlarida ham muvaffaqiyatga erishdi.

Mazkur turda oq donalarda qozog‘istonlik Zarina Nurgaliyeva bilan kuch sinashgan Afruza 47-yurish holatida raqibasini taslim etdi va umumiy ochkolari sonini 10,5 ta yetkazdi.
Ushbu yosh toifasida kumush medal Yana Japovaga(FIDE), bronza medali germaniyalik Xaris Pegluga nasib etdi.
14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida ishtirok etgan Javohir Bozorov so‘nggi turda fransiyalik Pol Bulos bilan ro‘baro‘ keldi va durangga erishdi. Bahslar sarhisobiga ko‘ra, 6,5 ochko jamg‘argan Bozorov chempionatni umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra 31-o‘rinda yakunladi. Mazkur guruhda 8,5 ochkoga ega polshalik Patrik Chelsak qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 1-o‘rinni, qozog‘istonlik Yodgor Memedov va Sauat Nurgaliyev 2-3-o‘rinlarni egalladi.

Ushbu yosh toifasining qizlar musobaqasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Nilufar Imomqo‘ziyeva 11-turda gretsiyalik Aleksandri Dimitraga imkoniyatni boy berdi.
14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida jahon chempionligi FIDE bayrog‘i ostida dona surgan rossiyalik Diana Hofizovaga nasib etdi. U 11 tur davomida 9 ochko jamg‘arishga erishdi. Kumush va bronza medallari 8,5 ochkoli polshalik Viktoriya Smetanskaya va Mariya Vlasova(FIDE)ga tegishli bo‘ldi.
Hamyurtmiz Nilufar Imomqo‘ziyeva 7 ochko bilan 95 nafar ishtirokchi orasida 7-o‘rindan joy oldi.

E’tirof etish lozim, poyoniga yetgan jahon chempionatida Afruza Hamdamovaning 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar o‘rtasida jahon chempionligiga erishishi o‘zbek shaxmatining yana bir tarixiy g‘alabasi bo‘ldi.
Okean orti mamlakatida o‘tgan shiddatli bellashuvlar davomida Nilufar Imomqo‘ziyevaning munosib ishtirok etishi, Javohir Bozorovning 118 nafar eng mahoratli shaxmatchi yoshlar orasida o‘z iqtidorini namoyish etganini mamlakatimizda shaxmatning rivojiga berilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik mahsuli bo‘ldi, deyish mumkin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA