Janubiy Afrika Respublikasida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Freestyle Chess Champion-2025” turnirining 1/4 final bahslarida qayd etilgan natijalar Sindorov-Karlsen to‘qnashuvi ushbu turnirda yana ro‘y berishiga olib keldi.
Chorak finalda hamyurtimiz Javohir Sindorov eronlik Parham Magsudluni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, FIDE reytingi yetakchisi, norvegiyalik Magnus Karlsen AQSH vakili Fabiano Karuanani dog‘da qoldirdi.

Aytish lozim, mukofot jamg‘armasi 750 ming dollardan iborat “Freestyle Chess Champion-2025” turnirining chorak finalida Magnus Karlsen - Fabiano Karuana bahsida hisob 1:1 ko‘rinishini olgan vaziyatda g‘olibni aniqlash qo‘shimcha partiyalarga qoldi. Unda Karlsenga omad kulib boqdi.

Bugun, 10 dekabr kuni o‘tadigan yarim final musobaqasida Javohir Sindorov Magnus Karlsenga qarshi bahs olib boradi.
Aytish lozimki, mazkur xalqaro turnirning saralash bosqichi ilk turida Javohir Magnusni mag‘lub etgandi.
Umidimiz, Sindorov yarim finalda ham saralashdagi muvaffaqiyatli yurishini davom ettiradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA