SHAXMAT: Eng kuchlilarimiz “Osiyo Millatlar Kubogi-2018”da
Ayni paytda Eron davlatining Hamadan shahrida shaxmat bo‘yicha “Osiyo Millatlar Kubogi-2018” xalqaro turniri davom etmoqda.
Ayni paytda Eron davlatining Hamadan shahrida shaxmat bo‘yicha “Osiyo Millatlar Kubogi-2018” xalqaro turniri davom etmoqda. Saydali Yo‘ldoshev va Irina Gevorgyan sardorligidagi erkaklar va ayollar terma jamoalarimiz mazkur musobaqada faqat g‘oliblik uchun dona surishyapti. Terma jamoamiz tarkibini esa yurtimizning shaxmat bo‘yicha eng kuchli vakillari tashkil etgan. Bular, Erkaklar – Saydali Yo‘ldoshev, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Nikita Xoroshev, Abdimalik Abdisalomov. Ayollar – Irina Gevorgyan, Gulruhbegim Tohirjonova, Sarvinoz Qurbonboyeva, Nodira Nodirjonova va Sevara Boymurodova.
Musobaqa standart, rapid va blis formatlarida olib boriladi. Terma jamoamiz Eron safari oldidan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida tashkild etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida rossiyalik grossmeyster Dmitriy Kokarev hamrohligidakuchaytirilgan tayyorgarlik ishlarini olib borishdi.
Musobaqaning erkaklar bahsida 14ta jamoa ro‘yxatdan o‘tdi – Hindiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Vyetnam, Bangladesh, Iroq, Suriya, Livan, Ummon, Afg‘oniston va Eronning uchta jamoasi.
Jamoalar tarkibida qit’aning eng yetakchilari, jumladan, 30 nafar grossmeyster, 12 nafar xalqaro va FIDЕ ustalari joy olishgan.
Ayollar bo‘yicha esa 8 ta jamoa ishtirok etmoqda – Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston, Vyetnam, Suriya va Eronning ikkita jamoasi.
Eslatib o‘tish joizki, ayollar terma jamoamiz ushbu turnirning 2016 yilgi mavsumida (28 mart – 7 aprel, Abu-Dabi, BAA) standart shaxmat bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritishgan.
Eron davlati mazkur musobaqaga uchinchi bor mezbonlik qilmoqda. Turnir 2006 yiliIsfaxonda, 2014 yili Tabrizda o‘tkazilgan.
O‘zA