Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Butunjahon yoshlar olimpiadasining 6-turi ortda qoldi. Hozircha Xitoy terma jamoasi 12 ochko jamg‘argan tarzda peshqadamlik qilmoqda.
Armaniston 10 ochko bilan 2-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi pog‘onalarda joylashgan mamlakatimiz terma jamoasi va Turkiya, Qozog‘iston-1, Ukraina jamoalari 9 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Bugun, 17 avgust kuni musobaqaning 7-tur o‘yinlari o‘tkaziladi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oq donalarda Qozog‘iston-1 jamoasi bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Armaniston-Xitoy, Turkiya-Ukraina, Niderlandiya-1-Bangladesh, Litva-Vengriya kabi jamoalar 7-turda kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Butunjahon yoshlar olimpiadasida mamlakatimiz sharafini Humoyun Bekmurodov, Bahrom Bahrillayev, Afro‘za Hamdamova va Asrorjon Omonovdan iborat yosh shaxmatchilar himoya qilmoqda.
47 mamlakatning 63 ta jamoasi o‘rtasida kechayotgan musobaqalarning so‘nggi tur o‘yinlari ertaga, 18 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA