French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Bugun jahon chempionatining blits yo‘nalishi chempionlari aniqlanadi
09:42 / 2022-12-30

Qozog‘istonning Almati shahrida davom etayotgan jahon chempionatining blits bahslari birinchi kuni ortda qoldi.

Qiziqarli va shiddatli o‘tgan o‘yinlarning dastlabki kungi musobaqalaridan keyin erkaklar o‘rtasida amerikalik Xikaru Nakamura 12-turdan 10 ochko jamg‘argan holda peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, ayollar orasida 7,5 ochko jamg‘argan FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan Polina Shuvalova va Valentina Gunina yetakchilik qilmoqda.  

Blits bahslarida 272 nafar ishtirokchi qatnashayotgan bo‘lsa, shundan 174 nafarini erkaklar, 98 nafarini ayollar tashkil etadi. 

Aytish lozim, jahon chempionati blits yo‘nalishida erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlar 21 turdan iborat bo‘lib, bugun 30 dekabr kuni so‘nggi turlardagi kurashlar mazkur yo‘nalishdagi chempionlarni va sovrindorlarni aniqlab beradi.  

Dunyoning kuchli shaxmatchilari qatorida o‘zbekistonlik 11 nafar shaxmatchi ham jahon chempionligi uchun dona surmoqda. Ilk kungi bahslarda 12 ta tur o‘ynaldi.  

Kechagi kungi bahslarda hamyurtlarimiz orasida eng yaxshi natijani 16 yoshli Muhiddin Madaminov qayd etdi. Iste’dodli shaxmatchimiz 12 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 18-pog‘onadan joy oldi. E’tiborlisi, Madaminov o‘zidan reytingi ancha yuqori bo‘lgan grossmeysterlarning 7 nafarini mag‘lub etishni uddaladi, ikki nafari bilan durangga erishdi.  

Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 7 ochko jamg‘argan holda 46-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, 7,5 ochkoga ega bo‘lgan Jahongir Vohidov 28-qatordan joy olgan.  

Kechagi kungi musobaqaning 12-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov rossiyalik David Paravyan bilan durangga erishdi. Jahongir Vohidov ham Abdusattorov natijasini takrorladi. Ushbu turda ro‘baro‘ kelgan Javohir Sindarov — Nodirbek Yoqubboyev uchrashuvida ham murosa yo‘li tanlandi.  

Ayollar o‘rtasidagi bashlarda 9 ta tur o‘yinlari o‘tkazilib, Umida Omonova va Afro‘za Hamdamova raqiblari bilan durangga erishgan bo‘lsa, Nafisa Mo‘minova FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Olga Drujininaga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.  

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA