Buxoroda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi. O‘n kun davom etadigan musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari tarkibidagi 500 nafarga yaqin yosh shaxmatchilar dona suradi.
Musobaqalar “Universal sport majmuasi”da bo‘lib o‘tmoqda. Chempionatning ochilish marosimida Buxoro viloyat hokimi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi raisi Botir Zaripov, sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, respublika shaxmat federatsiyasining vitse-prezidenti, Xalqaro shaxmat akademiyasi direktori Komiljon Sindarov so‘zga chiqib musobaqa ishtirokchilarini qizg‘in tabriklab, ularga omad tiladi.
[gallery-21861]
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanadigan aholi safini yanada kengaytirish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, sport turlari, xususan, shaxmatga berilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin amaliy natijasini O‘zbekiston shaxmat ustalarining xalqaro maydonda qayd etayotgan muvaffaqiyatlaridan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Tadbirda hududlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini yanada oshirish, xususan, “Besh tashabbus olimpiada”si musobaqalarini tashkil etishdagi alohida jonbozligi uchun Shofirkon va Jondor tuman hokimlari “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari