Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladi
15:43 / 2024-10-09

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘linmasi hamkorligida shaxmat sportini yanada kengroq targ‘ib qilish, havaskor va yosh shaxmatchilarning sport malakasini oshirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda madaniy-sport aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkaziladigan “Navoiy viloyati hokimi kubogi” doirasida matbuot anjumani tashkil etildi.

Dastlab Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘linmasi raisi o‘rinbosari Umid Bahromov viloyatda shaxmat sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.  

– Bugungi kunda viloyatda 38 nafar shaxmat murabbiyi faoliyat yuritib, 68 nafar professional shaxmatchi Osiyo va Jahon chempionatlarida, 10 ming nafarga yaqin havaskor shaxmatchi esa O‘zbekiston chempionatlarida viloyat sharafini munosib himoya qilib kelmoqda, – dedi U.Bahromov. – 2023 yil davomida viloyatda shaxmatni rivojlantirish maqsadida har hafta sovrin jamg‘armasi 5 million so‘m bo‘lgan “Rokirovka” turniri muntazam o‘tkazilib, 4 ming nafarga yaqin yosh qamrab olindi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 456 nafar shaxmatchi uchun jami 190 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, respublikamiz bo‘ylab besh bosqichda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” musobaqasida viloyatdan 2023 yilda 9 ming nafarga yaqin yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2024 yilda mazkur musobaqalarda 24 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etish istagini bildirgan.  

2023 yildan boshlab maktab o‘quvchilari, professional va oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ham “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etib kelinmoqda.  

Shuningdek, Navoiy viloyatida 2022 yilda “Yoshlar festivali” doirasida Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” havzasida sovrin jamg‘armasi 880 million so‘m bo‘lgan “Yoshlar ishlari agentligi kubogi”ning respublika bosqichi o‘tkazilib, qariyb 100 ming nafardan ortiq yosh ishtirok etdi.  

2023-2024 yillarda viloyat shaxmatchilari tomonidan O‘zbekiston chempionatlari va kuboklarida 18 ta 1-o‘rin, 21 ta 2-o‘rin va 26 ta 3-o‘rin, jami 65 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, so‘nggi uch yilda Jahon, Osiyo, Xalqaro musobaqalarda 16 ta 1-o‘rin, 12 ta 2-o‘rin va 12 ta 3-o‘rin, jami 40 ta medal o‘z egalariga topshirilgan.  

Tanlov nizomiga ko‘ra, musobaqalar 4 guruhda va 4 bosqichda tashkil etiladi. Jumladan, mahalla - sektor - tuman - viloyat bosqichida 10 yoshgacha bo‘lgan guruhda “Havaskor qiz” va “Havaskor yigit”, 11-20, 21-30 va 30 yoshdan katta bo‘lgan guruhlarda “Havaskor ayol”, “Professional ayol”, “Havaskor erkak”, “Professional erkak” yo‘nalishida g‘oliblar aniqlanadi.  

Har bir bosqichda g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantiriladi.  

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri