Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: “Al-Beruniy” III xalqaro turniri yangi chempionlar avlodini kashf etadi
16:44 / 2026-02-13

Bugun, 13-fevral kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida “Al-Beruniy” III xalqaro turniri boshlandi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat turnirda shaxmatchilar “Masters”, “Challengers”, “Futures” va “Open” guruhlarida raqobatlashadi.

“Masters” guruhida armanistonlik Aram Akobyan, Shant Sargsyan, fransiyalik Eten Bakro, germaniyalik Aleksandr Donchenko, isroillik Boris Gelfand, rossiyalik Volodar Murzin, o‘zbekistonlik Muhiddin Madaminov, Shamsiddin Vohidov, Abdumalik Abdusalimov, Afruza Hamdamova dona suradi. 

Musobaqaning “Challengers” guruhida Armaniston, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Vengriya, Ukraina shaxmatchilari bilan hamyurtlarimiz Jahongir Vohidov, Ortiq Nig‘matov, Muhammadzohid Suyarov, Gulruhbegim Tohirjonova g‘oliblikka da’vogarlik qiladi.

“Futures” guruhida esa terma jamoamiz a’zolari Davron Sharipov, Umida Omonova, Guldona Karimova, Madinabonu Xalilova Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston vakillari bilan kuch sinashsa, “Open” guruhida 6 ta mamlakatning 150 nafar shaxmatchisi o‘z iqtidorini namoyish etishi belgilangan.

Bugun o‘tkaziladigan 1-tur o‘yinlarining “Masters” guruhida mahoratli shaxmatchilarimizdan Afruza Hamdamova qora donalarda Aram Akobyan bilan, Muhiddin Madaminov qora donalarda Eten Bakro bilan ro‘baro‘ kelsa, Shamsiddin Vohidov oq donalarda Abdumalik Abdusalimov qarshiligini yengishga harakat qiladi.

9 ta turdan iborat bo‘lgan bahslar 22-fevralga qadar davom etadi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA