Qozog‘istonning Aktobe shahrida mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat “Aktobe Open-2024” turnirida dunyoning ko‘zga ko‘ringan grossmeysterlari qatorida mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Musobaqaning 7-turida Nodirbek Yoqubboyev avstriyalik Valentin Baydetskiy bilan Suyarov mezbonlar vakili Yergali Suleymen bilan ochkolarni bo‘lishib olishdi. Muhiddin Madaminov esa qozog‘istonlik Orash Shonazarovga qarshi bahsda ishtirok etmay musobaqani erta yakunladi.
8-tur oldidan turnir jadvalida yetakchilik qilib kelgan Abhijit Guptani mag‘lub etgan eronlik Parham Maqsudlu 6 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. Keyingi o‘rinlarda borayotgan Aleksey Sarana, (Serbiya), Shant Sargsyan (Armaniston), Aleksandr Predke (Serbiya), Puranik Abhimanyu (Hindiston) 5,5 ochko jamg‘arishgan. 5 ochkoga ega Nodirbek Yoqubboyev qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 9-qatorda bormoqda.
Aktobe Open-2024 ning 8-turida Nodirbek Yoqubboyev belaruslik Mixail Nikitenkoga qarshi kechadigan bahsda ishtirok etadi. Muhammadzohid Suyarov esa ushbu turda qozog‘istonlik shaxmatchi Sauat Nurgaliyev bilan kuch sinashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA