Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Afruza Qozog‘istondagi turnir g‘olibligiga da’vogar
13:36 / 2025-12-10

Shu kunlarda Qozog‘istonning Olma-ota shahrida shaxmat bo‘yicha “Qozog‘iston Respublikasi Kubogi-2025” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

8 ta mamlakatdan 24 nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan kubok bahslarining ayollar guruhida hamyurtimiz Afruza Hamdamova dona surmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 49 ming 500 tengedan iborat turnirning ortda qolgan 8-tur o‘yinlaridan keyin ayollar guruhida 4 nafar shaxmatchi 5,5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.

Xususan, mo‘g‘ulistonlik Munguntuul Batxuayg, FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Alina Bivol, Armaniston vakili Maryam Mkrtchyan hamda mahoratli shaxmatchi qizimiz Afruza Hamdamova hisobida 5,5 ochko mavjud.

Kecha o‘tkazilgan 8-tur bahsida Afruza Hamdamova qora donalarda harakatlanishiga qaramay qozog‘istonlik Ayaulum Xaldarovani mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun, 10 dekabr kuni kubok musobaqalarining 9-turida Hamdamova oq donalarda yana bir qozog‘istonlik shaxmatchi qiz Assel Serikbay bilan kuch sinashadi.

11 ta turdan iborat  "Qozog‘iston Respublikasi kubogi-2025" musobaqalari 12 dekabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA