Braziliyada 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining 9-tur o‘yinlaridan keyin 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar orasida Afruza Hamdamova 8,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida Afruza Hamdamova 9-turda FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan Yana Japovani oq donalarda mag‘lubiyatga uchratib, ochkolari sonini 8,5 taga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Aytish lozim, Hamdamova ortda qolgan 9 ta uchrashuvdan faqat bittasida durang, qolgan barcha partiyalarda g‘alabaga erishdi. Oldinda yana ikkita tur bahslari qolganini, eng yaqin ta’qibchisi Leyla Tabermakova 7 ochkoga egaligini nazarda tutsak, Afruza jahon chempionligiga erishishga eng yaqin turibdi.

Jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida qatnashayotgan Javohir Bozorov 9-turda AQSH vakili Velant Talvalkardan ustun keldi va 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 20-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Nilufar Imomqo‘ziyeva 14 yoshgacha qizlar musobaqasining medallaridan birini qo‘lga kiritishga juda yaqin turibdi.

Mahoratli shaxmatchi qizimiz 9-turda qora donalarda fransiyalik Emili Negreni mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba Nilufarning 7 ochko bilan 3-o‘rinni band etishini ta’minladi. Xuddi shuningdek, yana 3 nafar shaxmatchi 7 ochkoga ega bo‘lgan holda g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda. Ushbu yosh toifasida Diana Hafizova (FIDE) 8 ochko bilan musobaqa jadvalida yetakchilik qilmoqda.

Bugun, 8 noyabr kuni jahon chempionatining 10-tur bahslari tashkil etiladi. Afruza Hamdamova ushbu turda hindistonlik Mrittika Malikka qarshi qora donalarda harakatlanadi. E’tiborli jihati, mazkur bahsda hamyurtimiz durangga erishgan taqdirda ham muddatidan avval 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritadi.
G‘oliblik yo‘lida o‘z mahoratini namoyish etayotgan Nilufar Imomqo‘ziyeva 10-turda qora donalarda Oksana Goryachkina (FIDE) bilan kuch sinashadi. 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida qatnashayotgan Javohir Bozorov 10-turda qora donalar FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan Aleksey Proxorov bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, 62 ta davlatning 527 nafar shaxmatchisi ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatining so‘nggi 11-tur o‘yinlari 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA