Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Afruza Hamdamova jahon chempionatida peshqadamlik qilmoqda
14:00 / 2025-10-08

Albaniyaning Durres shahrida 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatining ortda qolgan 4-turidan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Afruza Hamdamova 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar orasida peshqadamlik qilmoqda.

Ushbu yosh toifasida dona surayotgan Guldona Karimova va Vasila Abdujabborova 3 ochko bilan 59 nafar ishtirokchi orasida kuchli yigirmatalikni band etgan.

Jahon chempionatining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida qatnashayotgan hamyurtimiz Nilufarxon Imomqo‘ziyeva 3,5 ochko bilan 55 nafar ishtirokchi orasida kuchli o‘nlikda harakatlanmoqda. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida ishtirok etayotgan umidli shaxmatchimiz Asrorjon Omonov 3 ochkoga ega bo‘lgan holda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Qilichbek Naziraliyev, Xondamir Elmirzayev, Abdulqodir Bahodirov, Shahzod Islomov, Liliya Belaya, Ruqiya Olimova, Dilnoza Nurullayeva, Sevinch Davlatova kabi yoshlarimiz o‘z yo‘nalishlarida 3 va 2,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bugun, 8 oktyabr kuni jahon chempionatining 5-tur o‘yinlarida Afruza Hamdamova oq donalarda o‘zi singari 4 ochkoga ega Valeriya Klemenova (FIDE)ga qarshi harakatlansa, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva xitoylik Chen Yuning bilan, Asrorjon Omonov qora donalarda italiyalik Vittorio Fargetta bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, 83 ta mamlakatning 717 nafar shaxmatchisi ishtirok etayotgan jahon chempionati 11 ta turdan iborat bo‘lib, musobaqalar 15 oktyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA