Kanadaning Toronto shahrida mukofot jamg‘armasi 500 ming AQSH dollaridan iborat “Champions Chess Tour Finals“ turnirida iste’dodli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqaning final bosqichida dunyoning kuchli grossmeysterlari Magnus Karlsen, Xikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Alireza Firuzdja, Uesli So, Maksim Vashe-Lagrav va Denis Lazavik bilan bahs olib borayotgan hamyurtimiz N.Abdusattorov beshinchi va oltinchi tur uchrashuvlarida amerikalik nomdor grossmeysterlar bilan ro‘baro‘ keldi.

Jahon reytingining eng kuchlilaridan biri bo‘lgan Xikaru Nakamurani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Abdusattorov Uesli So bilan murosa yo‘lini tanladi.
Ortda qolgan 6 ta tur natijalariga ko‘ra, Nodirbek 3 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi.
Turnirda Uesli So 6 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen 5 ochko bilan ikkinchi, Fabiano Karuana 5 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

“Champions Chess Tour Finals“ning 7-turida Nodirbek Abdusattorov fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan kuch sinashadi.
Musobaqalar 16 dekabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA