Bugun, 30 dekabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishida FIDE jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi.
Xabar berganimizdek, 70 dan ziyod davlatning 394 nafar shaxmatchisi ishtirok etayotgan jahon chempionatining blits yo‘nalishida ortda qolgan 13 ta turdan keyin Nodirbek Abdusattorov 9 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 10-o‘rinni, Javohir Sindorov 8,5 ochko bilan 252 nafar qatnashchi orasida 25-o‘rinni egallab turibdi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashayotgan iste’dodli shaxmatchisi qizimiz Umida Omonova blits bahslarida 10 ta tur o‘yinlaridan keyin 8 ochko bilan 140 nafar ishtirokchi orasida 3-o‘rinda harakatlanmoqda.
Bugun ochiq musobaqalarning ilk bahsi 14-turida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik 27 yoshli Narayanan bilan, Sindorov armanistonlik Aram Akopyan bilan, Omonova niderlandiyalik Elin Rubers bilan kuch sinashadi.

Shaxmatchilarimizning bugungi musobaqadagi dastlabki raqiblari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Narayanan Hindiston chempioni, xalqaro musobaqalarda, jahon va qit’a chempionatlarida o‘ziga xos natijalarga erishgan. Ushbu chempionat doirasida blits bahslarining 5-turida hamyurtimiz Muhiddin Madaminov bilan durang o‘ynagan.
Sindorovning raqibi 24 yoshli Aram Akopyan 12 yoshlilar o‘rtasida jahon chempioni, 2016 yil Armaniston yoshlar terma jamoasi safida Butunjahon yoshlar shaxmat olimpiadasi bronza medali sohibi bo‘lgan.

Umida Omonovaning 11-turdagi raqibi 19 yoshli Elin Rubers Niderlandiya jamoasi safida Yevropa chempionatida, Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etgan. Niderlandiya chempioni sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, ochiq musobaqalarda hindistonlik Arjun Erigaisi, fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav, AQSH vakili Fabiano Karuana 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ulardan keyingi pog‘onada borayotgan 6 nafar shaxmatchida 9,5, 11 nafarida 9 ochko mavjud.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA