Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Abdusattorov Lagrav bilan durangga kelishdi
10:25 / 2024-08-23

AQSHning Sent-Luis shahrida "Grand Chess Tour" musobaqasining beshinchi bosqichi hisoblangan "Sinquefield Cup" turnirining yakunlangan 4-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe Lagrav bilan kuch sinashdi. Teng kurashlar ostida kechgan o‘yinning 28-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.

To‘rtinchi turda o‘tkazilgan beshta uchrashuvning bittasida, ya’ni amerikalik Uesli So va rossiyalik Yan Nepomnyashiy o‘rtasidagi bahsda okean orti vakili oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida harakat qilayotgan Yan Nepomnyashiyni mag‘lub etdi.  

Shuningdek, Fabiano Karuana (AQSH) – Din Lijen (Xitoy), Dommaradju Gukesh (Hindiston) – Alireza Firuzja (Fransiya) va Anish Giri (Niderlandiya) – Rameshbabu Pragnanandxa (Hindiston) uchrashuvlarida durangga erishildi.  

Bugun, 23 avgust kuni o‘tkaziladigan 5-turda Nodirbek oq donalarda hindistonlik Dommaradju Gukesh bilan «aql jang»larini olib boradi.  

Eslatib o‘tamiz, 29 avgustga qadar davom etadigan turnirning mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollarini tashkil etadi. G‘olib shaxmatchi 100 ming dollarni qo‘lga kiritadi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA