London shahridagi “Emirates Stadium” majmuasida davom etayotgan “XTX Markets London Chess Classic" turnirining ortda qolgan 4-tur o‘yinlaridan so‘ng Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingdan iborat turnirning 4-turida Abdusattorov qora donalarda Buyuk Britaniya chempioni, 54 yoshli grossmeyster Maykl Adamsni mag‘lub etdi.

Turnirda 2-o‘rinda borayotgan fransiyalik Alireza Firuzdja ushbu turda oq donalarda ukrainalik Pavel Elyanovni dog‘da qoldirdi va ochkolari sonini 3 taga yetkazib oldi.

Bugun, 30 noyabr kuni turnirning 5-tur bahsida Abdusattorov oq donalarda gretsiyalik Nikolas Teodorou bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, gretsiyalik Nikolas Teodorou yaqinda Hindistonda o‘tkazilgan Jahon kubogi musobaqasining 3-bosqichida mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorovdan mag‘lubiyatga uchragandi.

Eslatib o‘tamiz, “XTX Markets London Chess Classic" bahslari 5 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA