Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
20:08 / 2016-11-15

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili A.Toshqulov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimizning barcha hududlari kabi Surxondaryo viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilning 9 oyida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,4 foizga oshgani buning dalilidir. Iqtisodiyot modernizatsiya va diversifikatsiya qilinayotgani tufayli sanoat tarmoqlari kengayib, tumanlarda yangi zamonaviy korxonalar ishga tushirilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari keng qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning viloyat iqtisodiyotidagi salmog‘i tobora ortmoqda. Shaharu qishloqlarda yangi uy-joylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari bunyod etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Dasturda Birinchi Prezidentimiz boshlab bergan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, "Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" konsepsiyasini amalga oshirish, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining rolini kuchaytirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini rivojlantirish, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni kuchaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Termiz shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Mehnat faxriysi X.Tangriyev, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid, "Nuroniy" jamg‘armasi Qiziriq tumani bo‘limi raisi Y.Beknazarov, baxshi S.Shoydilov, mehnat faxriysi X.Toshboyev, Denov tumanidagi "Mehnat farovon hayot" fermer xo‘jaligi rahbari A.Norboyev, Angor maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi G‘.Karimov va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.