Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish, inson kapitaliga berilayotgan e’tibor O‘zbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.
Prezidentimiz Murojaatnomada buni e’tirof etib o‘tdi. Joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb qilish mo‘ljallangan.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
–Ya’ni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatadigan elektron platforma ishga tushiriladi va barcha vazirliklar unga ulanadi.
O‘zA