English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: turizm eksportini uch-to‘rt barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak” ham bo‘laveradi
15:06 / 2023-06-26

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni nomzodning Samarqand viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Xolmurodov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida  viloyatda odamlar turmush farovonligini oshirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani, Samarqand chin ma’noda obod bo‘layotgani ta’kidlandi. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. 

Nomzod samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga oid rejalari haqida alohida  to‘xtaldi. 

– Turizm sohasida yaratilgan bitta yangi ish o‘rni, boshqa sohalarda yana ikkita ish o‘rni paydo bo‘lishiga turtki beradi. Ochiq aytadigan bo‘lsak, jazirama issiq va izg‘irin sovuqda, hammani paxtaga majburiy safarbar etgan yillarda ham O‘zbekiston paxta tolasining eksporti 1 milliard dollardan oshmagan. Hozirgi kunda turizm eksporti bu marradan oshib o‘tdi. Agar uni uch-to‘rt barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak” ham bo‘laveradi, – dedi nomzod. 

Shunga ko‘ra: 

– barcha xalqaro aeroportlarda xorijiy turistlarga O‘zbekistonda sotib olgan mahsuloti uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish yo‘lga qo‘yiladi; 

– xorijdan turist olib kelgan tur-operatorlarga eksportchi korxonalar kabi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytarib beriladi; 

– tur-operatorlar transportiga shahardagi turistik marshrut va ob’ektlarga borish uchun qulay harakatlanish sharoitlari ta’minlanadi; 

– chet eldan olib kelingan turistik transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini uch yil ichida foizsiz vabo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. 

Prezidentlikka nomzod uchrashuvda ichki turizmni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi. 

– 2030 yilga borib, kamida 25 million aholimiz mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. 

Xususiy sheriklik asosida: 

– vodiydan Toshkent, Nukus, Buxoro va Urganch shaharlariga kunlik aviareyslar ko‘paytiriladi; 

– mamlakatimiz miqyosida shaharlararo avtobus qatnovini ta’minlaydigan kompaniyalar tashkil etiladi; 

– vodiyning tuman va shaharlarini bog‘lovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi”, Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Qal’alar halqasi” kabi yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi; 

– yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirib, Namanganda Nanay va Farg‘onada Shohimardon hududlarining turizm salohiyatini to‘liq ishga solamiz; 

– hududlarda yana 4 mingta mehmonxona, mehmon uylari va xostellar tashkil etilib, mehmon o‘rinlari soni kamida ikki barobar oshiriladi (120 mingdan 250 mingga), – dedi nomzod. 

Nogironligi bor shaxslar uchun “To‘siqsiz turizm” dasturi ishlab chiqilishi ma’lum qilindi. 

Bunda:

– har bir viloyatdan yiliga 1 ming nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning Samarqand, Buxoro va Xivaga bepul sayohatlari tashkil qilinadi; 

– kelgusi ikki yilda 200 ta madaniy meros va 100 ta konsert-tomosha ob’ektlari, aeroport, avto va temir yo‘l vokzallarida zarur infratuzilma yaratiladi. 

– Bu dasturni amalga oshirish uchun har yili 200 milliardso‘m ajratamiz. Umuman, turizm loyihalariga 2030 yilga qadar 2,5 milliard dollar investitsiyalar yo‘naltiriladi, – dedi nomzod. 

Avtomobil, havo va temir yo‘l transporti tarmog‘ini yanada kengaytirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. 

– Raqamlarga e’tibor qiling. 2016 yilga qadar 25 yil ichida O‘zbekiston 25 ta samolyot olib kelgan. Birgina monopol aviakompaniyamiz bor edi. So‘nggi yillarda 19 ta zamonaviy samolyot olib kelindi, 5 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi. Natijada shu yilning o‘zida aviatashuvlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Kelgusi yetti yilda yana 56 ta zamonaviy samolyot olib kelamiz va aviaparkimizni 100 taga yetkazamiz. Aviaqatnovlar soni to‘rt barobar oshiriladi, xalqaro parvozlar yo‘nalishlari besh karra ko‘paytiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun: 

– hududlardagi 6 ta yirik aeroport xususiy sherikchilik asosida yangilanadi; 

– “Ochiq osmon” rejimi barcha aeroportlarda joriy qilinadi (Samarqand, Buxoro, Urganch, Andijon, Qarshi, Termiz va Nukusga “beshinchi havo erkinligi” berilgan). 

Uchrashuvda kelgusi yetti yilda respublika ahamiyatidagi yo‘llarni qurish va ta’mirlashga jami 5,3 milliard dollar yo‘naltirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. 

Bugungi kunda “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida sutkasiga 35 mingta, “Toshkent – Andijon” yo‘lida 30 mingta avtomobil harakat qilmoqda. Bu – yo‘llarga yuklama 1,5-2 barobar ko‘paydi, degani. Shu bois Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki ko‘magida “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida yangi tezyurar avtomobil yo‘llari quriladi. Bunga 4 milliard dollar investitsiya kiritiladi. Natijada ushbu yo‘nalishlarda manzilga yetib borish vaqti ikki barobar qisqaradi. 

Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki ko‘magida Toshkent – Shahrisabz – Termiz (M-39) yo‘li qayta quriladi, “Samarqand – Buxoro – Olot” yo‘li ta’mirlanadi. Bunga 300 million dollar ajratamiz, – dedi nomzod. 

Uchrashuvda viloyatda ta’lim sohasini rivojlantirish doimiy e’tiborda bo‘lishi aytildi. 

– Samarqand viloyatida kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 110 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratamiz. Bunda 21 ta yangi maktab va 347 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 210 ta maktab kapital ta’mirlanadi. 2030 yilga qadar birorta mahallada bog‘cha muammosi qolmaydi. Buning uchun 76 ta mahallada ilk bor bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, qo‘shimcha 255 ta bog‘cha tashkil qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Saylovoldi dasturida Samarqand viloyati aholisi turmush sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. 

– Kelgusi yetti yilda viloyatda 100 ming kvartirali 2 ming 300 ta zamonaviy va hamyonbop uy-joy quriladi. Jumladan, Samarqand shahri va barcha tumanlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi. 5 ming 300 kilometr ichki yo‘llar va 160 ta ko‘prik ta’mirlanadi, 5 ming 700 kilometr elektr tarmoqlari, 2 mingta transformator yangilanadi. Shuningdek, 7 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari quriladi, 180 ta mahallada (1,2 million aholi) ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Natijada 2030 yilga borib, viloyat aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 96 foizga yetkaziladi (hozir – 71 foiz). Umuman, ichimlik suvi va yo‘llar infratuzilmasini yaxshilashga 450 million dollar yo‘naltiriladi, – dedi nomzod. 

Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrini aholi va sayyohlar uchun qulay bo‘lgan “bir millionlik shahar”ga aylantirish borasidagi rejalari haqida ham ma’lum qildi. 

– Buning uchun Samarqand, Pastdarg‘om, Oqdaryo va Tayloq tumanlari hududidan 18 ming gektar yer maydoni shahar tarkibiga o‘tkaziladi. Viloyatning ma’muriy markazi shaharning tarixiy markazidan boshqa hududga ko‘chiriladi. Samarqand shahrida suv ta’minoti va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qo‘shimcha 270 million dollar ajratiladi. Shaharda jamoat transport tizimi to‘liq modernizatsiya qilinadi. 

Bu maqsadlar uchun 40 ta yangi avtobus yo‘nalishi, aeroport, temir yo‘l vokzali va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress avtobus yo‘nalishi tashkil qilinadi, – dedi nomzod. 

Uchrashuvda partiya vakillari va mehmonlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi. 

 

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA