French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: Surxondaryo viloyati aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 90 foizga yetkaziladi
15:18 / 2023-06-22

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22 iyun kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Abdulhakim Eshmuratov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida  olib borilgan xalqchil islohotlar natijalari Surxondaryo viloyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, viloyat aholisining turmush darajasi oshgani va buning evaziga odamlarda ertangi kuniga ishonch paydo bo‘lganligi qayd etildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. 

Nomzod kelgusi yetti yilda viloyatda ta’limni rivojlantirishga oid rejalari haqida haqida to‘xtaldi.

Xususan, Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj 100 foiz qoplanadi. Buning uchun 2 mingta yangi davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi (hozirda 60 foiz).

Zamonaviy maktablar barpo etish, ularning quvvatini oshirish, xususiy sektorga sharoit yaratish hisobiga 2030 yilga qadar qo‘shimcha 100 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratiladi. 

Shu bilan birga, viloyatdagi barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari va interaktiv doskalar bilan jihozlanadi.

Saylovoldi dasturida Surxondaryo viloyati aholisi turmush sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

– Kelgusi yetti yilda viloyatda 1,5 mingta ko‘p qavatli uylarda 50 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi. Bunga barcha manbalar hisobidan 1 milliard dollar yo‘naltiramiz.

Misol uchun, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlaridagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 300 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi natijasida, 12 mingta oila uy-joy bilan ta’minlanadi.

Viloyatda 2030 yilgacha 4 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi hamda 35 ta ko‘priklar yangidan quriladi, – dedi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev viloyatda suv ta’minotini yaxshilashga oid rejalari haqida ham ma’lumot berdi.

– Germaniyaning “KFV” bankidan jalb qilingan 100 million dollar sarmoya hisobiga Termiz shahrida oqova suv tizimi ta’mirlanadi. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi yordamida Sariosiyo, Denov va Jarqo‘rg‘onda oqova suv tizimlari quriladi.

Xabaringiz bor, “To‘palang” suv omboridan Surxondaryo aholisi uchun ichimlik suvini olib kelish bo‘yicha katta loyihani boshladik. Bu loyiha keyingi yilda to‘liq yakunlanadi. Natijada, hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 90 foizga yetkaziladi. Umuman, viloyatdagi ichimlik va oqova suvi loyihalariga 460 million dollar ajratiladi, – dedi nomzod.

Uchrashuvda harbiylar va ular oila a’zolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi yanada kuchaytirilishi ma’lum qilindi. 

Buning uchun:

– shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar maoshi 2030 yilga qadar yana ikki karra oshiriladi;

– yil yakunigacha harbiylarimiz uchun 2 mingdan ortiq, kelgusi yetti yilda esa, yana 20 mingta uy-joy qurib beriladi;

– 15 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun uy-joyga dastlabki badalning 50 foizini davlat ajratadi;

– boquvchisini yo‘qotgan, nogiron bo‘lib qolgan harbiylarning kredit qarzdorligi esa byudjetdan qoplanadi;

– pensiyadagi harbiylarning farzandlariga alohida kvota doirasida oliygohga kirish uchun imtiyozlar beriladi;

– og‘ir kasallikka chalingan harbiylarning chet elda davolanishiga alohida mablag‘lar ajratiladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili va adabiyoti fanidan yuqori ball olgan yoshlarga imtihon xarajatlarini qoplab berish kerakligini ta’kidladi.

– Hozirgi vaqtda chet tillari bo‘yicha xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarga imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti fani uchun ham mana shunday tartibni joriy etishni taklif qilaman. Shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari uchun 50 foizli ustama joriy qilsak, adolatdan bo‘ladi (hozir – 20 foiz), – dedi nomzod.

Uchrashuvda yana bir muhim tashabbus, Hajga boradigan ziyoratchilar uchun yagona onlayn, ochiq-oshkora navbat tizimi joriy qilinishi ma’lum qilindi.

– Barcha viloyatlarda Haj markazlari tashkil etiladi. 2030 yilga qadar haj ziyoratiga boradigan fuqarolar soni bosqichma-bosqich yiliga 24 ming nafarga yetkaziladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent islom institutida 2024 yildan magistratura, 2025 yildan doktorantura yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

– Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari Qatardagi Xalqaro musulmon ulamolar kengashiga a’zo bo‘lganlari, barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Buyam o‘tgan davrda diniy-ma’rifiy sohada olib borgan islohotlarimizning xalqaro e’tirofi, xalqimizning Islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasiga berilgan yana bir yuksak baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Yurtimizda islom olamining yetuk ulamolari ishtirokida har ikki yilda Xalqaro islom ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazib borsak, nima deysizlar, – dedi nomzod.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA