English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: Saylovda el-yurtimiz bildirgan ishonchni islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman
17:53 / 2021-10-27

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Bu davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Prezidenti saylovidan keyingi birinchi yig‘ilishi.

Shavkat Mirziyoyev dastlab mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlariga qisqacha to‘xtaldi. Ushbu saylov xalqimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib borayotgani, tinch va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan ezgu intilishlarini yana bir bor namoyon etdi. Buni jahon hamjamiyati keng e’tirof etdi.

– Ushbu saylovda el-yurtimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni biz besh yil oldin boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan va qo‘llab-quvvatlagan aziz yurtdoshlarimga, ko‘p millatli xalqimizga yana bir bor cheksiz minnatdorligimni bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident saylovni milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos holda o‘tkazishga katta hissa qo‘shgan Markaziy saylov komissiyasi va barcha mutasaddilarga, o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llayotgan mamlakatimiz jamoatchiligiga chuqur ehtiromini izhor etdi.

Ayni paytda muqobillik asosida o‘tgan saylovda boshqa partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning kelgusi faoliyatlariga omad tiladi.

– Endi saylovoldi uchrashuvlarimizda ilgari surilgan strategik dasturimiz – Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha belgilab olgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun belimizni mahkam bog‘lab, ilgarigidan ham o‘n karra ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Xalqimizning ishonchini oqlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, inson qadr-qimmatini ulug‘lash barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas burchiga aylanishi zarur.

Aminmanki, tarixning ko‘plab sinovlaridan mardona o‘tib kelayotgan olijanob xalqimizning mustahkam irodasi, hayotiy tajribasiga tayanib, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta yetamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Matnazar Elmurodov, O‘zA