Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish hamda davlat rahbari sifatida bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 11 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.
Davlat rahbari avvalo Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etildi.
Bu ulug‘ mutafakkir XI asrda yashagan. Moturidiya ta’limotining davomchisi, aqida ilmining yetuk bilimdoni sifatida dinimiz sofligini saqlagan, adashganlarni ma’rifat bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Lekin uzoq yillar uning merosi ham, qadamjosi ham e’tibordan chetda qolib ketgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan alloma maqbarasi obod va ulkan ziyoratgohga aylantirildi. Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bu yerda yangi masjid, muzey, kutubxona va ma’muriy binolar qurilgan. Daraxtlar, gullar ekilib, so‘lim bog‘ tashkil etilgan. Abu Muin Nasafiy kitoblarining nomi va o‘gitlari yozib qo‘yilgan. Ziyoratgohda XI asrga oid yodgorlik va quduq, XIII asrda qurilgan eski masjid ham saqlanib qolgan.
Prezidentimiz yangi masjid va muzeyni kirib ko‘rdi. Muzeyda Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlari multimedia vositalari orqali aks ettirilgan. Bu yerda qadimgi Samarqand qog‘oziga bitilgan Qur’oni karimning asl nusxasi, matoga to‘qib yozilgan muqaddas oyatlar ham saqlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev alloma asarlari bugungi kunda ham dolzarbligini, ularning mag‘zini xalqimizga, yoshlarga yetkazish kerakligini ta’kidladi. Shu maqsadda Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etish taklifini bildirdi.