Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor
13:30 / 2020-03-07

Bugun Toshkentda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtmoqda.


Bugun Toshkentda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtmoqda.

Tantanada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan muborakbod etib nutq soʻzladi.

– Yer yuzida insoniyat paydo boʻlibdiki, odamzot muqaddas Ona siymosini, moʻtabar ayol zotini ulugʻlab, hamisha sharaflab keladi. Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz tuprogʻi jannat bogʻlaridek goʻzal va bebahodir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayollarimiz oilasini sarishta saqlash bilan birga jamiyat va davlat ishlarida ham faollik koʻrsatmoqda.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Senatda va mahalliy kengashlarda 25 foizdan oshdi.

Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimizning qonun chiqaruvchi organi ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval 128-oʻrinni egallab turgan edik.

Muhtarama ayollarning 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan. Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Ularning safi tobora kengayib boryapti. Shu kunlarda tashabbuskor va tashkilotchi ayollar tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlanayotir.

Ishlab chiqarish, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport sohalari rivojida ham nazokat va latofat egalarining munosib hissasi borligi qayd etildi.