Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyat ahlining mehnatsevarligi, ahloqi va yuksak madaniyatini alohida e’tirof etdi.
–Men har gal Namangan zaminiga kelib, iymon-e’tiqodi mustahkam, bag‘rikeng va zahmatkash insonlar bilan dildan suhbatlashganimda, ularning odob-axloqi, yuksak madaniyatini, xushmuomalasini ko‘rib, doim qoyil qolaman.
Shu ma’noda, Namanganning mevasi shirin, mevasidan ham shevasi shirin, degan gapda juda katta hayotiy haqiqat bor. Muqaddas kitoblarimizda “Alloh go‘zaldir va u go‘zallikni sevadi” deb aytilganini sizlar yaxshi bilasizlar.
Namangan elining mana shu ilohiy so‘zlarga amal qilib, o‘z yurtini har tomonlama obod va so‘lim maskanga, gullar diyoriga aylantirish yo‘lidagi amaliy harakatlari yuksak hurmatga loyiq.
Keyingi uch-to‘rt yilda bu zaminda bunyod etilgan “Afsonalar vodiysi” majmuasi, Ibrat bog‘i, Yoshlar ziyo maskani, Namangan mono-markazi, ko‘plab zamonaviy korxonalar, ko‘rkam uy-joylar, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport maskanlari, butunlay yangicha qiyofa kasb etgan Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi, Nodira nomidagi kutubxona ham bu fikrni tasdiqlaydi, – dedi Prezident.
O‘zA