French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: Menga eng katta kuch, quvonch bergani odamlarning kayfiyati boʻldi
19:41 / 2020-10-13

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni sirdaryolik faollar, suv toshqinidan jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni sirdaryolik faollar, suv toshqinidan jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahli bilan shunday obodlikda, yorugʻ yuz bilan koʻrishib turganidan xursandligini bildirdi.

- Oxirgi besh oyda hammamiz sinovdan oʻtdik. Hamjihat boʻlib, matonat, mehnat bilan sharoitni tikladik, yangi uylar, yoʻllar qurildi. Bugun bu ishlarni koʻrib, albatta xursand boʻldim. Lekin menga eng katta kuch, quvonch bergan narsa odamlarning kayfiyati boʻldi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sardoba suv ombori toʻgʻoni uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetkazgan edi. Hukumat komissiyasi tuzilib, uning oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va vositalar jalb qilindi. Suv bosgan mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinib, boshpana va oziq-ovqat bilan taʼminlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, huquq-tartibot idoralari, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklar oʻzaro muvofiq harakat qilib, turmush sharoitlari qisqa muddatda tiklandi.

Uchta yangi mavze barpo etildi. Bogʻcha va maktablar, kollejlar va sogʻliqni saqlash muassasalarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Suv bosgan hududlar bugun avvalgidanda yaxshilanib, yangi qiyofaga ega boʻldi.

- Xalqimiz roziligini birinchi kundan asosiy maqsadimiz, shiorimiz etib tanlaganmiz. Qiyin, lekin shuning uchun ishlayapmiz. Sirdaryodagi qurilishlar, oʻzgarishlar shu bilan cheklanib qolmaydi, yana davom etadi. Buning uchun katta marralar belgilaganmiz, - dedi Prezident.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga safari yakunlandi.