Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev Guliston shahridagi “Buyuk kelajak” mavzesida boʻldi
20:55 / 2019-02-19

Guliston shahrida turli millat vakillari istiqomat qiladi. Ular ahil yashaydi. Shaharning kun sayin koʻrkam qiyofa kasb etib, odamlarning turmush sharoiti yaxshilanib borishida ana shu inoqlik, hamjihatlik asosiy mezondir.


Guliston shahrida turli millat vakillari istiqomat qiladi. Ular ahil yashaydi. Shaharning kun sayin koʻrkam qiyofa kasb etib, odamlarning turmush sharoiti yaxshilanib borishida ana shu inoqlik, hamjihatlik asosiy mezondir.

Shahar kun sayin chiroy ochmoqda. Yangi uylar, inshootlar, ravon koʻchalar, sayilgohlar, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodlik ishlari havasga arzigulik. 

Bu manzara Gulistonning “Buyuk kelajak” mavzesida yanada yorqin namoyon boʻladi. Yangi mavzeda 2018 yili namunali loyiha asosida 5 qavatli 8 ta uy qurilib, foydalanishga topshirildi, 360 oila uyli boʻldi. Buyuk kelajakda yana 7 qavatli, 420 xonadondan iborat 10 ta uy qurilmoqda. Bu kabi uylar nafaqat Gulistonda, balki Sirdaryo viloyatida ham keyingi 25-30 yilda birinchi marotaba qurilmoqda. 

Prezidentimiz “Buyuk kelajak” mavzesida qurilgan uylar, yangi qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Bu uylarni qurishdan maqsad aholining koʻp yillik orzularini amalga oshirish. Shuning uchun, ularni sifatli, har tomonlama qulay qilib qurishimiz kerak. Toki yangi uyga koʻchib kelgan har bir oila bizdan rozi boʻlsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident “Sirdaryo tajribasi”ni joriy qilish loyihalarini koʻzdan kechirdi.

“Guliston City” qurilishining loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi. 2019-2022 yillarga moʻljallangan zamonaviy shaharchaning umumiy yer maydoni 45 gektarga yaqin boʻladi. Bu yerda koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, koʻngilochar maskanlar, madaniyat va biznes markazi, anjumanlar saroyi, taʼlim va tibbiyot muassasalari, mehmonxona, hunarmandchilik uyi kabi inshootlar quriladi.

Shaharda 2020 yilga qadar yana 10 ta 7 qavatli uy, shuningdek, ichki ishlar xodimlari, harbiylar uchun xizmat uylari foydalanishga topshiriladi. Bu yerda namunali bogʻchalar, maktablar va boshqa zarur infratuzilma obyektlari boʻladi.

Prezidentimiz viloyatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyat va maʼrifat, sport sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan ham tanishdi.
Sirdaryo viloyatida kitobxonlikni keng targʻib qilish konsepsiyasi haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, farzand ong osti tarbiyasida maʼnaviy yuksalish hali u tugʻilmasidan oldin boshlanishi, soʻngra chaqaloqlik davri, maktabgacha tarbiya va maktab yoshidagi taʼlim jarayonida yangi konsepsiya ishlab chiqilgan boʻlib, u hayotga keng tatbiq etilmoqda. Shuningdek, Guliston shahrida “Oʻqituvchi” brendi ostida markaziy kitob doʻkonini tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish konsepsiyasi ham taqdim etildi.

Maʼnaviyatimiz, gʻurur-iftixorimiz birinchi oʻringa chiqadigan vaqt keldi. Farzandlarimizni ana shunday yetuk avlod qilib tarbiyalash uchun barchamiz masʼulmiz. Biz buning uchun mablagʻ va vaqtni ayamaymiz, bor imkoniyatimizni ishga solamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, iqtisodiy sharoitni yaxshilash koʻp ezgu ishlarning debochasi ekanini, roʻzgʻori but, oilasidan xotirjam kishilarning, ertangi kundan umidi katta yoshlarning maʼnaviyati ham yuksalib borishini, shundagina kitob oʻqishga havasning ortishini qayd etdi Shavkat Mirziyoyev. 

Viloyatda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish, ishsiz yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining bandligini taʼminlash, koʻp qavatli uylar, sport inshootlarini qurish, maʼnaviy tarbiya va kitobxonlikni targʻib etish konsepsiyasi asosida qoʻshma kitob pavilonlarini tashkil etish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.

01e9a92d-371f-9a80-d4e3-74c3e11e8387.jpg

0db19f47-1acb-6593-c25f-50bc1fce3599.jpg

595f0c8d-693d-1e32-6f74-553515bdc107.jpg

832e15ac-02ec-f100-f32c-21bbbc9d0450.jpg