Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan «Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda» sarlavhali intervyusini o‘qib...

Shavkat Miromonovichni uzoq yillardan buyon biladigan odam sifatida, qolaversa, yonida yurib, birga ishlab xarakterini yaxshi bilganim uchun bu hol meni unchalik ajablantirmadi. U tabiatan shunday odam. Gapdan ko‘ra mehnatni, ishni afzal biladigan, qilgan ishini ba’zi siyosiy arbobchalarimizdan farqli o‘laroq, ovoza qilaverishni ko‘pam o‘ziga ep ko‘ravermaydigan odam. Ehtimol shuning uchun ham faoliyatini boshlaganidan besh yil o‘tibgina, matbuotga intervyu bergan. Shunda ham ortiqcha kerilishsiz, kamtarona tarzda amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi rejalar haqida gapirgan.
Men shunday tushundimki, mazkur suhbat xalq saylagan Prezidentning o‘z xalqi oldidagi besh yillik kamtarona hisoboti.
Assalomu alaykum!
Ushbu jumla eshitilganida insonning dili beixtiyor ravshanlashadi, qalbiga bir nur inadi. «Assalomu alaykum», bu – «men sizga tinchlik tilayman» degani, «Tinchlik-omonlik bo‘lsin!», «Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik!», degan tilaklar ham kishiga o‘zgacha xush yoqadi.
Xo‘sh, nega shunday? Bu tilaklar nekbinlik tashigani uchunmi?
XXI asrga kelib, yurakda tahlika qo‘zg‘ovchi xavfu xatar keskin kuchaydi. Bir tomonda – toza ichimlik suvi, neft va gaz zaxiralari taqchilligi, ekologik inqiroz va misli ko‘rilmagan favqulodda ofatlar, ikkinchi tomonda esa, urush va adovat, vayronkorlik va qabohat.
...Yozning jazirama chillasida bir najot istab dunyoning istalgan nuqtasiga-da ketishga rozi bo‘lib, vatani chegarasini kesib o‘tishga, buning uchun, hatto, havoga ko‘tarilayotgan uchoqlar qanotlariga osilib olishga-da tayyor qochqinlar, ularning ayanchli qismati va og‘ir yo‘qotishlari kimning yurak-bag‘rini o‘rtamaydi, deysiz. Holbuki, uyasi buzilgan bir qushning bezovta chirqillashi ba’zan odamning qalbini tilka-pora qilishi mumkin...
bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan notinchliklar, talotumlar bizga aloqador emas, deb kim ayta oladi?
Tobora globallashib borayotgan dunyo nafaqat ijtimoiy-siyosiy, balki madaniyatlar va qadriyatlararo masofalarni ham qisqartirib qo‘ydi. Endilikda bir davlat, mintaqa uchun mansublik kasb etadigan muammo qolmadi: u ham xuddi ijobiy omillar singari umumiylik kasb eta boshladi yoki barcha jamiyatlarni bevosita o‘sha «og‘riq»qa ma’lum ma’noda daxldor qilib qo‘ydi.
Shu o‘rinda, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Tereza Mey «Biz bugun urush o‘choqlari faqat Yaqin Sharqda, biz va farzandlarimiz xavfdan xolimiz, deya xotirjamlikka berilmaylik, undan uмидвор ham bo‘lmaylik, aslida urush tahdidi va uning qalblarni vayron etuvchi sovuq «mafkurasi» allaqachon bolalarimiz yotog‘igacha kirib kelib bo‘lgan», deganida mutlaq haq edi. Zotan, internet tarmog‘i yer yuzini go‘yoki o‘rgimchak to‘riday qamrab olgan, axborot makonida globallashuv tendensiyalari tobora faollashayotgan bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda vaziyatga bundan-da ortiq yoki jo‘yaliroq izoh berishning o‘zi qiyin.
Ha, insoniyat uchinchi ming yillikda ko‘pchilik e’tirof etayotganiday, katta tamaddun – gipertexnik va axborot kommunikatsion taraqqiyotga erishdi. Biroq, odamzod uchun tinchlik-xotirjamlik, insoniy qadr-qimmat, mehr-oqibat, umuminsoniy qadriyatlar oldidagi some’lik mudom epik xarakter kasb etib kelishiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Milliy, diniy, irqiy va siyosiy adovatlar hali-hanuz biz ona sayyora deb ataydigan zaminimizni qalqitib turgani bor gap. Shu kunlarda yon qo‘shnimiz, jafokash afg‘on xalqi tuprog‘ida bo‘layotgan voqealar, albatta, bizni ham birdek xavotirga soladi, qalbimizni og‘ritadi. Va o‘z o‘rnida, tinchlik-xotirjamlik, ozodlik, yaratish va bunyodkorlik qanday ulug‘ ne’mat ekanini bevosita yana bir bor esimizga soladi.
Aslida, Afg‘onistonda va umuman, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, buning mustahkam asoslarini yaratish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim bo‘g‘ini bo‘lib kelgan. Shavkat Mirziyoyev davriga kelib esa bu faktor yanada yuqori nuqtaga ko‘tarildi. O‘rni kelganda ikkilanmay aytish mumkinki, Shavkat Miromonovich mintaqa davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini tiklash, o‘tmishi, madaniyati, tili, dinu qadriyatlari deyarli bir xil bo‘lgan tarixiy qardosh xalqlarni bir-biri bilan yaqinlashtirmay turib, davlatlar, qolaversa, mintaqa istiqboli haqida o‘ylash befoyda ekanini anglab yetdi va ish boshlagan ilk kunidanoq shu ishlarga bel bog‘ladi. Uning bu harakatlari bugunga kelib mintaqa ijtimoiy-siyosiy, qolaversa, iqtisodiy hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar yasaganini ta’riflab o‘tirish, menimcha, ortiqcha.

Yaqinda xalqaro ekspertlardan biri Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagach, O‘zbekiston amalga oshirayotgan islohotlari bilan mintaqada «changlantiruvchi» vazifasini o‘tayotganini yozdi. Albatta, obrazli tarzda zikr etilgan ushbu qarash teran ma’noga ega. Zotan, changlanmagan bog‘ mevasiz bo‘lishini hammamiz yaxshi bilamiz...
Chegaralarning ochilishi, delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlarining faollashuvi, iqtisodiy hamda eng muhimi, uzoq yillar mintaqa «polotnosi»da qotib qolgan ma’naviy xarakter, o‘zaro qardoshlik rishtalarining bir manzil sari yo‘lga solinishi, aytish mumkinki, bugun xalqaro kuzatuvchiyu ekspertlar ko‘p gapirayotgan mintaqa integratsiyasi sari maqsadni qat’iylashtirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qolaversa, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston tashqi siyosati bo‘yicha tutgan yo‘li aloqador aktor davlatlarning mintaqa borasidagi geosiyosiy va geoiqtisodiy rejalarini qayta ko‘rib chiqishga undadi. Bunga misol tariqasida Rossiya yetovidagi YeOII, Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» va AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha ishlab chiqqan, yangi «G5+1» strategik loyihalarini keltirish mumkin. Shu jumladan, davlatimiz rahbarining islohotlari mintaqadagi ba’zi qo‘shnilarimizni ham tanlov imkoniyatining cheklangani tufayligina kirib qolgan pozitsiyasidan chiqib, o‘zlari uchun an’anaviy va mutlaqo tabiiy bo‘lgan o‘zanga tushib olishiga yordam berdi.
Britaniyadagi Chatham House xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahlil markazining «Kazakhstan: Tested by Transition («O‘tish davri sinovlaridan o‘tgan Qozog‘iston») deb nomlangan keng qamrovli ma’ruzasida (muallifi – Annet Bor) keltirishicha, mintaqa mamlakatlari hamkorlikka alohida tayyorgarlik ko‘rsatmagan sharoitda Qozog‘iston uzoq vaqt davlat sifatidagi o‘zligini Yevroosiyo mamlakati sifatida shakllantirib keldi. Ushbu maydonchadan mintaqaga daxldor muammolarni ishlab chiqishda foydalandi. O‘zbekiston islohotlar yo‘liga o‘tgach, birinchi prezident Nazarboyev Markaziy Osiyoning umumiy merosi, shuningdek, necha ming yillik madaniy va ilmiy yutuqlari haqida ko‘p gapiradigan bo‘ldi. U 2017 yili «Ostona» klubi qatnashchilariga murojaat qilar ekan, shunday degan edi: «Oradan chorak asr vaqt o‘tib, tarixi, dini, madaniyati va mentaliteti – zehniyati bir bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga bo‘lishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va mintaqa xavfsizligini birgalikda ta’minlashimiz Allohning irodasi ekanini hammamiz tushunamiz».
Haqiqatan ham, 2017 yilgacha Ўзбекисtoннинг qo‘shnilarga nisbatan yopiq va ba’zi hollarda qarshi siyosati Қозоғисtoн, Tojikiston va Qirg‘iziston tashqi siyosatidagi ham iqtisodiy, ham siyosiy yo‘nalishlarni turli mintaqaviy guruhlar sari burdi. 2017 yilga kelib esa ushbu dinamika o‘zgardi va beshta mamlakatga potensial jihatdan tashqi ishtirokchilar qatnashuvisiz mintaqa siyosatini ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu, hech shubhasiz, Shavkat Mirziyoyevning mintaqa siyosatiga ijobiy ta’siri bilan izohlanadi.
Gap garchi, mintaqamiz hayoti haqida ketar ekan, mamlakatlar iqtisodiy va siyosiy hayotidagi ko‘hna stereotiplar haqida ham gapirish o‘rinli bo‘ladi, menimcha. Sir emaski, uzoq yillik mustabidlik va u qoldirgan «an’anaviylik» mintaqa hayotini sun’iy ravishda cheklangan imkoniyatlarga qaram qilib qo‘ygandi.
Biz ko‘pchiligimiz eng yaqin strategik sherik deganda, hozirgacha Rossiya yoki Xitoy nazarda tutilishiga o‘rganib qolganmiz. Qolaversa, bunday o‘ylashimizga mintaqadagi mavjud sharoit ham majbur qilardi. Shu ma’noda Shavkat Miromonovichning «Janub konsepsiyasi» bir necha asrlardan buyon o‘zgarmay kelayotgan Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy xaritasini yangi ranglar bilan boyitdi. O‘zbekistondan to Pokiston sari tortiladigan yo‘l bugun mintaqa istiqbolini belgilaydigan eng dolzarb loyiha, deya baholanmoqda. Ayni shu Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi savdo-sotiq va qolaversa, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarning rivoj topishini bugun ko‘pchilik ekspertlar ko‘hna o‘tmishning tiklanishiga qiyoslashayotir.
Albatta, mustaqillik tariximizda biz, garchi uncha uzoq tarix bo‘lmasa-da, ko‘p-ko‘p loyihalarni, balandparvoz chaqiriqlarni ko‘rganmiz, eshitganmiz. Biroq, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik sari tashlangan qadamlar shunchaki gap emas. Buni yaqinda poytaxtimizda o‘tgan xalqaro konferensiya ham isbotlashi mumkin. Jahonda pandemiya bo‘lishiga qaramay, mazkur uchrashuvda bir necha davlat rahbarlari, o‘nlab mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori mulozimli a’yonlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi, uning naqadar jiddiy ekanini urg‘ulaydi, albatta.
Umumiy ma’noda aytganda, bugun haqli ravishda «yangi O‘zbekiston» deya atalayotgan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida juda teran o‘zgarishlar bo‘ldi. Garchi buni qatorlashtirib sanashning mavridi bo‘lmasada, bir ustuvor jihatga muxtasar to‘xtalib o‘tmoqchiman. Zotan, bu milliy o‘zlik bilan bog‘liq masaladir.
Shu narsani tan olib aytish kerakki, O‘zbekiston hech mahal milliy o‘zlikni tanish, anglash (identitet) nuqtai nazaridan masalaga bugungidek yaqin kelgan emas. Bizda to bugungacha, xuddi eski davr adabiyot nazariyasining temir qoidasidagidek, ijtimoiy-ma’naviy, mafkuraviy sohalarda bir xil qarash, shaklan milliy, mazmunan sotsialistik dunyoqarash va siyosiy muhit hukmronlik qildi. Afsuski, bu jamiyatdagi ijtimoiy, xususan, milliy jabhadagi islohotlar yo‘lini to‘sib keldi. Davlat tili, imlo, diniy qadriyatlarga bo‘lgan qarash, afsuski, turli noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bugunga kelib, davlat tili va imlo bo‘yicha boshlangan ishlar, tabiiyki, xalqimizni ruhlantirib yubordi. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT minbaridan turib davlatchiligimiz tarixida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashi yoki chet el rahbarlari bilan ona tilimizda diplomatik muzokaralar o‘tkazishi tilimizning, millatimizning qadrini bir necha barobarga ko‘tardi. Yoki mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo bo‘lib kirishi O‘zbekistonning ham ijtimoiy, ham siyosiy «xarakteri» o‘zgarayotganini, davlatimiz mustabidlik va yangi ko‘rinishdagi ma’naviy qaramliklardan siltanib chiqib, o‘zligi sari intilayotganini anglatadi.
Aslini olganda, Turkiy birlik g‘oyasi bugun paydo bo‘lgan emas. Buyuk Amir Temur orzularida ham turkiy xalqlarni birlashtirishni nazarda tutuvchi Turon tushunchasi mavjud bo‘lgan. Lekin haqiqat shundaki, biz uzoq yillar shu hayotiy haqiqatdan qochib yashadik: qo‘polroq qilib aytganda, o‘zimizning turkiy xalq ekanligimizni tan olmadik.
Shavkat Miromonovich bu tarixiy haqiqatni tikladi. Nafaqat tikladi, balki, kengashga kuch va ishonch ruhini mustahkamladi. Buni a’zo davlatlar ekspertlarining ko‘pchiligi xolis e’tirof ham etdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yil so‘nggida Istanbulda bo‘lib o‘tadigan kengashning navbatdagi yig‘ilishida Turkmaniston va Vengriya davlatlari yetakchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Buni hech istisnosiz tarzda Shavkat Mirziyoyev fenomeni va Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasi, deyishimiz mumkin. Qolaversa, shu birgina hayotiy misol Prezidentimizning «biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi bo‘lishimiz kerak», degan g‘oyalariga mos tarzda «jaranglashi» kishida iftixor uyg‘otadi.
Shu o‘rinda yana bir jihatni aytib o‘tmasam bo‘lmas. Bu biz tahlil etayotgan hayotning, jamiyatning murakkab tomonlari haqida emas. Bil’aks, uning yorqin va sof tarafidan, ya’ni bolalar nigohidan nazar tashlasak.
Men xizmat vazifam yuzasidan turli aholi qatlamlari orasida ko‘p bo‘laman, hududlarga boraman, oddiy odamlar davrasida muloqotlar qilaman. Bilasizmi, shunda bir jihat juda ko‘p marta e’tiborimni tortgan: beg‘ubor bolalarning Shavkat Mirziyoyevning suratini ko‘rganida «Bu bizning Prezidentimiz!», «Bu mening Prezidentim!», deya quvonganidir.
Bu nimadan darak? Bu Vatan kelajagi bo‘lgan avlodning davlat rahbariga ishonchidan, ertangi kuniga yorug‘ umidlaridan dalolat. Muhimi, ular orasida turli millat bolalari bor. Ammo barchasi o‘zlarini bir Vatan – Yangi O‘zbekiston farzandlari deb bilishadi.
Endi ayting-chi? Xalqning beg‘ubor qatlami bo‘lgan bolalar qalbigacha kirib borgan insonni haqiqiy ma’noda Millat Sardori deb atashga haqdor emasmizmi?
Demak, bugun O‘zbekiston xalqi jipslik va yakdillik bilan o‘z istiqbolini, jonajon Vatanining kelajagini Millat Sardori Shavkat Mirziyoyev siymosida ko‘rmoqda.
Men bu gaplarni shunchaki yozayotganim yo‘q, albatta. Kecha Prezidentimizning matbuotda e’lon qilingan «Yangi Ўзбекисtoн demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda» sarlavha ostida berilgan intervyusi meni shu mavzuda, qisqa davrda hayotimizda yuz bergan va berayotgan voqea-hodisalar haqida qalam tebratishga undadi.
Zotan, mazkur suhbat ko‘z oldimda kecha va bugunning xotiralarini kino lentasidagi tasvirlardek jonlantirdi. Suhbatni qayta-qayta o‘qidim. Va amin bo‘ldimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada ham o‘ziga, o‘zligiga sodiq qoldi.
O‘ta kamtarlik, qilgan va qilayotgan ishlarini ko‘z-ko‘zlamaslik yoki shunchaki tafsilot sifatidagina aytib o‘tish, «Men» demaslik, nima bo‘lsa, «xalqimiz», «odamlarimiz», nari borsa, «komandamiz bilan birga amalga oshirdik», deya qilingan ishlarga izoh berish...
Shavkat Miromonovichni uzoq yillardan buyon biladigan odam sifatida, qolaversa, yonida yurib, birga ishlab xarakterini yaxshi bilganim uchun bu hol meni unchalik ajablantirmadi. U tabiatan shunday odam. Gapdan ko‘ra mehnatni, ishni afzal biladigan, qilgan ishini ba’zi siyosiy arbobchalarimizdan farqli o‘laroq, ovoza qilaverishni ko‘pam o‘ziga ep ko‘ravermaydigan odam. Ehtimol shuning uchun ham faoliyatini boshlaganidan besh yil o‘tibgina, matbuotga intervyu bergan. Shunda ham ortiqcha kerilishsiz, kamtarona tarzda amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi rejalar haqida gapirgan.
Men shunday tushundimki, mazkur suhbat xalq saylagan Prezidentning o‘z xalqi oldidagi besh yillik kamtarona hisoboti.
Holbuki, maqtashga va maqtanishga arzigulik ishlar ham, ko‘rsatkichlar ham ko‘p edi... Tashqi va ichki siyosatda, iqtisodiyotda qisqagina muddatda u amalga oshirgan ishlarni uddalash uchun ba’zan odamzodga Alloh bergan umr ham yetmasligi mumkin...
Qolaversa, bu dunyoda o‘zi tirikligidayoq o‘zining nomiga kentlaru xiyobonlarni qo‘yayotgan, o‘zlariga oltindan barokko uslubidagi badiiy landshaft bag‘riga haykalini o‘rnatib olgan siyosiy liderlarni ham ko‘rib turibmiz.
Men mavzudan kelib chiqib bir mulohazani aytmoqchiman: Shavkat Mirziyoyev haqida yozish juda og‘ir va qiyin. Uning faoliyati, xarakteri, muxtasar aytganda, fenomeni an’anaviy emas. Uning tabiati va xarakterida qandaydir favqulodiy bir kuch bor. Shuning uchun ham xalqimiz, ayniqsa, rahbarlar orasida ancha mashhur bo‘lib ketgan «bu odam qachon uxlaydi, qachon dam oladi?», degan ibora uning siyrati va suvratidagi shiddatni ko‘rib turgan odamlarni ajablantirmaydi.
Qudratilla RAFIQOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlis Senati a’zosi, siyosatshunos
Manba: “Ishonch” gazetasi.
2021 yil 19 avgust, payshanba, № 103 (4543)