Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shavkat Mirziyoyev: asosiy maqsadimiz – odamlarga barcha zarur qulayliklarni yaratishdir
00:12 / 2017-07-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 3-fevral kuni poytaxtimizning Sergeli tumanida bo‘lib, zamonaviy uy-joylar qurish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi. Bu galgi tashrifda ana shu ishlarning ijrosiga e’tibor qaratildi.

Bugun Sergeli tumanining 6-mavzesi ulkan qurilish maydoniga aylangan. Bu yerda 66 ta 7 qavatli uy bunyod etilmoqda. Ular Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko‘chib o‘tadi.

Mamlakatimizning barcha shaharu qishloqlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimizning hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlamoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qaror asosida qurilayotgan uy-joylar shahar aholisi, jumladan, yosh oilalar, uyga muhtoj fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Qarorga muvofiq, 2017-2020-yillarda mamlakatimiz shaharlarida 945 ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017-yilda 191 ko‘p qavatli uy barpo etilishi belgilangan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta yetti qavatli uy qurilishi yakunlanish arafasida. Boshqa maydonlardagi 36 ta ko‘p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ushbu uylardan biriga kirib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu odamlarning ko‘p yillik orzu-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan muhim yo‘nalish. Bu ishlarni o‘z vaqtida boshlamaganimizda shunday natijaga erisha olarmidik.

Sohadagi ishlarni yana bir bor tanqidiy ko‘rib chiqish, odamlar hayoti uchun yaratilayotgan qulayliklarni yanada oshirish, bunda masalaning har bir jihatiga e’tibor berish zarurligi ta’kidlandi.

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shaharsozlik madaniyatini rivojlantirish, massivlarda manzarali daraxtlar, gullar ekish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shu yerda Sergeli tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha rejalar namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi.

Metro jamoat transporti turlari orasida o‘zining qulay, xavfsiz va tezkorligi bilan ajralib turadi. 1977-yilda Toshkentda barpo etilgan ilk metro liniyasining uzunligi 12,2 kilometr bo‘lib, to‘qqiz bekatdan iborat edi. O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlari bilan Toshkent metropoliteni rivojlantirildi va uzunligi 39 kilometrga, bekatlari soni 29 taga yetdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Sergeli tumanida metro qurish o‘ta murakkab jarayon. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi metro yer usti bo‘ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida olti bekat bunyod etiladi.

2017-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. O‘ziga xos muhandislik yechimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo‘li Choshtepa mahallasidan o‘tib, Sergeli tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi Mag‘rib ko‘chasigacha boradi.

Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Bugun mazkur yo‘nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.

Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.

Bekatlar shinam, yorug‘ va go‘zal bo‘lishi, bu bo‘yicha yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish kerak, dedi Prezidentimiz.

Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi aholi va transport harakatiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy qilib kengaytirilmoqda. Ushbu ko‘chaning temir yo‘l bilan kesishgan joyida uzunligi 1011, eni 28 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev mazkur inshoot loyihasi bilan tanishdi.

Yo‘l o‘tkazgich ko‘chadagi tirbandlikni bartaraf etib, avtomobil va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlaydi. Qipchoq ko‘chasi Yangi Sergeli aylanma yo‘li bilan Toshkent xalqa avtomobil yo‘lini bog‘lab, transport harakati uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Shu yerda obodonlashtirish ishlariga ixtisoslashgan yangi mashinalar namoyish etildi.

Prezidentimiz «Pallada investment» qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda Yevropa texnologiyasi asosida «Imzo-Akfa» brendi ostida 20 dan ortiq turdagi romlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Korxonada mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev korxona laboratoriyasi, ishlab chiqarish sexlarini ko‘zdan kechirdi. Korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, eksport ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahri atrofida tezyurar elektrichka qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbari ushbu temir yo‘l qurilishi loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Elektrichka ikki yo‘lli bo‘ladi. Kanallar va ko‘chalar kesishgan joydan estakadalar orqali olib o‘tiladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda bu yangi soha ekani, uni loyihalashtirishda ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish, shu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb etish zarurligini, eng asosiysi, bironta ham uy buzilmasligi kerakligini alohida ta’kidladi.

Asosiy maqsadimiz – odamlarga barcha zarur qulayliklarni yaratish, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yo‘lni boshqa yo‘llar bilan oqilona bog‘lash orqali shahar transporti yuklamasini 30-40 foizgacha yengillashtirish mumkin. Yo‘nalish va bekatlarni aholining talab va ehtiyojlari, shu bilan birga, shaharning kelgusi rivojlanishini inobatga olib loyihalashtirish zarur.