Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida xalqqa yo‘llagan murojaatidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytardi.
Viloyat rahbari koronavirus pandemiyasi sababli chet elga ishlash uchun keta olmay qolib ketgan mehnat muhojirlarini bandligini ta’minlash hamda ayni paytda xorijda ishlayotgan migrantlarni qaytarish borasidagi savolga shunday javob qaytardi:
— Ichki ishlar organlari bilan birga olib borgan mehnat muhojirlarini o‘rganish ishlaridan ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda viloyatimizdan 63 ming kishi ishlash uchun chetga chiqib ketgan. Shu jumladan, 33 ming nafar hamyurtimiz Rossiyada, 19 ming nafar yurtdoshimiz Qozog‘istonda mehnat qilmoqda. Pandemiya sababli 51 ming nafar fuqaro o‘z uylariga qaytib kelgan. Ularning 77 foizini ish bilan ta’minlashga erishildi.
Band bo‘lmagan aholi qatlamlari uchun monomarkaz ochildi. Mudofaa vazirligi bilan birgalikda Chust tumanidagi kollejni 500 kishilik o‘quv kursini tashkil etish uchun moslashtiryapmiz. Aksariyat muhojirlar qurilish sohasida ishlashi ma’lum. Biz o‘quv kurslarida yuqori malakali usta tayyorlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, til ham o‘rgatiladi. Hozirda yuqori malakali ustalarga o‘zimizda ham ish yetarli. Birgina, kichik sanoat zonalarida quruvchilar kuniga 100 ming so‘mdan pul topmoqda.
Ovqati, kelib-ketishi tekin, lekin shunda ham ustalarni kamida bir oy kutishga to‘g‘ri kelmoqda. Asosiy maqsadimiz — chetda yurganlarga telefon qilib, uyga qaytarib, “kelinglar”, deyish emas, balki real ish o‘rinlarini tashkil etish. Biz bu yerda ularni oilasini boqishga yetadigan munosib maosh taklif qilsak, ma’qul bo‘lsa, o‘zlari keladi. O‘zimizdagi mavjud qulay ish o‘rinlarini yetarli targ‘ib qilsak, hech kim chetga ketishni istamaydi, Rossiyada sovuqda yurmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlar orqali Namangandagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida e’lonlar, videoroliklarni ko‘paytirish orqali migrantlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratamiz, , — dedi Shavkat Abdurazzoqov.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA