Oxirgi paytlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan megaloyiha doirasida barpo etilgan 3-mis boyitish fabrikasining qurilishi hududda faoliyat yuritgan bir qator korxonalarning ham ishlab chiqarish quvvatlarini oshishiga turtki bo‘lmoqda.
Jumladan, Olmaliq shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “CARBON POLYMER” korxonasi tomonidan 2025 yilda bir qator mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Xususan, “Shatakka olish” mexanizmi bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda joriy yilda 7,8 milliard so‘mlik ftoroplast mahsulotlaridan ehtiyot qismlar ishlab chiqarildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, korxona tomonidan joriy yilda xorijiy valyutani tejash hamda kombinat konlaridagi EKG ekskavatorlarining harakatini davomiyligini ta’minlash maqsadida blok va yarimblok qismlari bilan po‘lat trosslari orasiga maxsus kaprolonli kompozit polimerdan qoplama ixtiro qilindi va patentlandi. Buning natijasida po‘lat troslarning yaroqlilik muddatini 4-5 baravarga hamda blok va yarimbloklarning yaroqlilik muddatini esa 8-9 baravarga oshirilishiga erishildi.

– Bugungi kunga kelib OKMK bilan hamkorlik evaziga korxonada 60 ta ishchi o‘rni yaratilib 400 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi, – deydi OKMK Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Abbos Abdullev. – Shu bilan birga, korxonaning yangi loyihalaridan biri, davlat dasturi asosida mamlakatimiz ekologiyasini tozalashga hissa qo‘shish maqsadida, yirik sanoat korxonalaridan ajralib chiqayotgan kimyoviy gazlarni tozalash uchun maxsus qurilmalarni ishlab chiqarish va o‘rnatishdan iborat. Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ va “Ammofos Maksam” AJ korxonalari takliflariga asosan “CARBON POLYMER” korxonasi tomonidan biznes loyihalar taqdim etilib, bugungi kunda loyihalar buyurtmachilar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda “Shatakka olish” mexanizmi orqali OKMK tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mazkur tizim konstruktorlik va texnologik hujjatlarni ishlab chiqish hamda taqdim etish, texnik maslahat va amaliy ko‘mak berishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA.