Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shasxning rivojlanish davrlarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari
10:52 / 2019-05-05

Sog‘lom avlod - millat kelajagining poydevori. Azal azaldan ota- bobolarimiz sog‘lom avlod tarbiyasiga qat’iy e’tibor berib kelganlar. Shu asnoda xalq ijodiga murojaat qilsak ham buning guvohi bo‘lishimiz mumkin. Masalan, xalq o‘yinlari, chavondozlik, otda yurish, suzish va boshqalarga ijobiy munosabat tarbiyalangan va bular haliyam o‘z kuchini yo‘qotmagan. A.Avloniyning «Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qimoq, o‘qitmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdir» degan qarashlari insonning sog‘lom turmush kechirishida asosiy omil ekanligini asoslovchi dalildir.

Mustaqillikka erishilgandan so‘ng sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada davlatimiz tomonidan bir qator davlat dasturlari, qarorlar ishlab chiqarilgan. Shu jumladan, sog‘lom avlodni tarbiyalashga, yuksak umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan, manaviy boy, ahloqan yetuk, intelektual rivojlangan, yuqori bilimli, jismonan baquvvat, har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishga yunaltirilgan  “Sog‘lom avlod” dasturi yaratilgan.

Ushbu dasturda katta ahamiyat yosh avlodning salomatligiga qaratilgan bulib, oilada, jamiyatda va ta’lim muassasalarida jismonan rivojlangan, sog‘lom va ma’naviy yetuk shaxsni tarbiyalashda barcha sharoitlarni yaratish talab etiladi. Ma’lumki, inson salomatligi va hayot davomiyligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning 50%dan ortig‘i aynan turmush tarzigaga bog‘liq, ekologiyaga - 20%ga yaqin, nasliy omillarga - 20%,  tibbiy omillarga esa atigi – 10%. Ya’ni, inson sog‘lom bulishi uchun uning turmush tarzi sog‘lom bulishi shart va sog‘lom insonni voyaga yetkazish uchun unda sog‘lom turmush tarzi tushunchasini shakllantirish kerak. Sog‘lom turmush tarzi deganda quyidagilarni e’tiborga olish zarur: faol jismoniy harakat qilish, chiniqish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish; kun tartibini oqilona rejalashtirish va unga doimo amal qilish; jismonan va ruhan toliqishga yo‘l qo‘ymaslik; aqliy va jismoniy mehnatni gigiyenik talablar asosida to‘g‘ri rejalashtirish; to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish; shaxsiy va umumiy gigiyena talablariga rioya qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatga erishish; yuqumli kasalliklar, jarohatlanish va baxtsiz hodisalarning ro‘y berishini oldini olish; to‘g‘ri jinsiy tarbiya olish;  psixogigiyena talablari (haddan tashqari asabiylashish va hayojonlanishning oldini olish)ga amal qilish; zararli odatlarga berilmaslik (tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, ichkilikbozlik va giyohvandlikka yo‘l qo‘ymaslik va h.k.).

Bolaning tarbiyasida, bola tug‘ilib to voyaga yetgunicha,  ushbu komponentlar boskichma bosqich uzluksiz ravishda rivojlantirish lozim. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish oiladan boshlanadi va bolaning shaxsini shakllantirishda oilaning turmush tarzi, oilada mavjud bo‘lgan urf – odat  va an’analari, oilaning  psixologik sharoiti, zararli odatlarni mavjudligi va boshqalar muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Oila sharoitida bola kun tartibiga va shaxsiy gigiyenaga rioya qilishni, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni, kattalar va tengdoshlari bilan muomala qilishni va yana boshqa ko‘p narsalarni o‘rganadi. Jismoniy faollik ham sog‘lom turmush tarzining asosiy komponentlaridan biri bo‘lib, unga amal qilishni bola oila muhitida badantarbiya bilan shug‘ullanish, xar hil turdagi jismoniy ishlarni bajarish orqali o‘rganadi. Oila sharoitida bola kuchadan uyga qaytgach, ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishni, kiyimlarini, buyumlarini, xonasini ozoda saqlashni o‘rganadi va gigiyenik kunikmalarni uzida shakllantirib boradi. O‘z vaqtida turish, ovqatlanish, kunini to‘g‘ri taqsimlashni o‘rganish orqali kun tartibiga tegishli ko‘nikmalarni shakllantiradi. Zararli odatlarga munosabati ham oiladagi sharoitga qarab shakllanadi. Oiladagi tarbiya bola voyaga yetguniga qadar davom etaveradi va sog‘lom turmush tarziga oid malaka va kunikmalar shakllanadi.

Oiladagi tarbiya bilan birga sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab va oliy o‘quv muassasalarining xissasi katta. Bu yerda bola, o‘quvchi, talaba nafaqat amaliy kunikma va malakalarga ega bo‘ladi, balki shu bilan birga nazariy bilimlarni xam egallaydi. Sog‘lom turmush tarzining shakllanishi tarbiya va o‘quv muassasalarida uzluksiz bosqichma bosqich amalga oshiriladi.

Bu uzluksiz ta’lim jarayonida maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzining poydevori shakllanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bola kun tartibiga rioya qilishni, o‘z vaqtida to‘g‘ri ovqatlanishni, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni o‘rganadi va oila sharoitida olgan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Shaxsiy gigiyena qoidalarini uyda shakllantirgan bola maktabgacha ta’lim muassasalarida umumiy va jamoat gigiyenasi bilan tanishib kunikmalarni shakllantiradi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida jismoniy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, chiniqtirish, massaj muolajalari olib boriladi va shu bilan birga bolalarni jismoniy faollikka o‘rgatiladi. Bu esa sog‘lom turmush tarzining shakllantiruvchi yana bir komponenti xisoblanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida kun tartibiga qat’iy rioya qilinishi bois bola kunini to‘gri taqsimlashni o‘rganadi. Bolalar amaliy ko‘nikmalar bilan birgalikda boshlang‘ich nazariy bilimlarni xam egallab boshlaydi. Mashg‘ulotlar o‘yin shaklida olib boriladi va bolalarga sog‘lom turmush tarzi xakida tushunchalar berib boriladi.

Keyingi bosqichda, ya’ni maktabda, sog‘lom turmush tarzi tushunchasi bolalarda yanada chuqurroq shakllanadi. Amaliy kunikma va malakalar nazariy bilimlar bilan mustaxkamlanadi. Shu jumladan boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar “Atrofimizdagi olam” fanida umumiy biologik tushunchalarga ega bulishadi. Inson organizmi tuzilishi,  atrof muhitning ekologiyasi, o‘simlik va hayvonlar xaqida umumiy tushunchalar shakllanadi. Maktabda o‘quvchilar ekologik tushunchalarga ega bo‘lishadi va  atrof muxitni muhofaza qilish, ozodalikni saqlash sog‘liq uchun muhimligi o‘quvchilarning tafakkuriga singdirib boriladi.  O‘rta va katta sinflarda biologiya fani darslarida bu bilimlar yanada chuqur o‘rganiladi, zararli odatlarni organizma qanchalik zararligi nazariy bilimlar bilan asoslanib boriladi va yuqori sinflarda jinsiy salomatlik va jinsiy tarbiyaga oid bilimlar xam shakllanadi. Yuqori sinflarda odam salomatligini o‘rganishga juda katta ahamiyat beriladi va odam oragnizmini o‘rganish bilan biraglikda o‘quvchilar tibbiy bilimlarga ega bulib, birinchi yordam ko‘rsatish qoidalari bilan tanishib borishadi.

Oliy ta’lim muassasalari uzluksiz ta’limning keyingi boskichi bulib,  nazariy bilimlarga alohida ahamiyat beriladi. Barcha oliy   ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantiruvchi “Valeologiya asoslari” fani o‘tiladi. Bu fanni o‘rganish jarayonida talabalar nazariy bilim va tushunchalarga , kunikma va malakalarga ega buladilar.  Bu fan talabalarni sog‘lom turmush tarzini kechirishga undab, uning inson  salomatligini saqlashda muxim omil bo‘lib qolishini ta’minlaydi, yoshlarni reproduktiv salomatligini saqlashga, sog‘lom oilani shakllantirishga va sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazishga yordam beradi.

 O‘sib kelayotgan yosh avlod – millat kelajagidir va sog‘lom yosh avlodni voyaga yetkazish xar birimizning muqaddas burchimizdir. Mamlakatimizda bu vazifani to‘laqonli amalga oshirish uchun barcha yetarli shartu – sharoitlar yaratilgan. Ushbu shartu – sharoitlardan oqilona foydalangan holda bola shaxsini shakllantirish maqsadga muvofiqdir. Bola shaxsini shakllantirishning  har bir bosqichi komil inson tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Har bir bosqich keyingi bosqich uchun poydevor hisoblanadi va har bir bosqichda bolaning yoshiga mos bo‘lgan tushunchalarni singdirish va ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini bosqichma bosqich rivojlantirish muhim axamiyatga ega. Shundagina biz ko‘zlagan maqsadga erishamiz. Uzluksiz ta’lim tizimining ham asosiy maqsadi ko‘nikma va malakalarni uzluksiz ravishda amalga oshirish. Zero bizning maqsadimiz jamiyatga jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, ruhan sog‘lom insonlarni tarbiyalashdir. 

 

Xolmurodova Mehrinisa Ibraximovna 

TDMRXOM  katta o‘qituvchisi