Fuqarolik kodeksining 353-moddasiga binoan shartnoma ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvidir. Tabiiyki, shartnoma imzolangach, taraflar o‘rtasida muayyan majburiyat yuzaga keladi.
Binobarin, kodeksning 234-moddasida “Majburiyat – fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa – qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi”, deya qayd etilgan.
Ammo tilga olayotganimiz – Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rilgan ishlar javobgarlarning shartnomaviy majburiyatni his etmagani tufayli yuzaga kelgan.
“Farg‘ona don klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdorlari ham zimmalarida ana shu jiddiy mas’uliyat borligiga parvo qilishmadi. Gap shundaki, 2023 yil 15 sentyabrda “Farg‘onadon klaster” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonasi bilan Qo‘shtepa tumanidagi “Feruzbek nurli zamin” fermer xo‘jaligi o‘rtasida boshoqli don xarid qilish bo‘yicha 33-sonli fyuchers shartnomasi tuzilgan. Shunga ko‘ra, fermer xo‘jaligi dehqonlari kuzdan to 2024 yil iyun oyiga qadar ter to‘kib mehnat qilishadi. Xususan, bu vaqt mobaynida ekinni sug‘orish va zarar agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun bir necha kun uyiga ham bormay, tunni dalada o‘tkazishgan. Natijada ko‘zlanganidan ziyoda – 320 tonna hosil yetishtirilib, korxonaga topshiriladi. Biroq “Farg‘ona don klaster” MCHJ mas’ullari mahsulotning bir qism haqini berib, asosiy 301 million 58 ming so‘mlik qarzlarini to‘lashmagan. Hattoki, fermerning mazkur qarzdorliklarni bartaraf etish yuzasidan yo‘llagan talabnomasi ham e’tiborsiz qoldirilgan.
Yuqoridagi shartnomaning 4.2-bandida yetkazib berilgan mahsulot haqi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, korxona o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi, lekin 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘lashi ham belgilangan. Shu bois, fermer Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritib, javobgardan asosiy qarz va penyani undirib berishni so‘radi.
Yoki Farg‘ona viloyatidagi “Vodiy maxsus texno montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari xorazmlik hamkori – viloyatning Gurlan tumanidagi “Soliy Xorazchi” fermer xo‘jaligini aldaydi. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 26 aprel kuni “Vodiy maxsus texno montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Soliy Xorazchi” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 1/107/1-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan. Bu bilan vodiylik tadbirkor vohalik fermerga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi materiallari hamda uskunalarini yetkazib berishi, qolaversa, xo‘jalik yer maydonlarida montaj ishlarini sifatli bajarib berish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shartnomada bajarilishi lozim bo‘lgan ish hajmi 127 million so‘mni tashkil qilgan. Buning uchun fermer xo‘jaligi shartnomaning 6.1-bandi talabiga rioya qilib, shu kunning o‘zidayoq dastlabki bo‘nak (avans) tariqasida 87 million 500 ming so‘m mablag‘ ham o‘tkazib beradi. Shartnomaning ayni bandiga muvofiq, pudratchi to‘lov amalga oshirilgan kundan e’tiboran ishlarni bajarishga kirishishi shart edi.
Afsuski, “Vodiy maxsus texno montaj” MCHJ shundan keyin shartnomaviy majburiyatini butkul unutadi. Hatto gurlanlik fermer unga kelishilgan ishni bajarib berishini so‘rab, rasmiy ravishda murojaat ham qiladi. Lekin lafzsiz tadbirkor va’dasining ustidan chiqmaydi. Binobarin, Gurlan tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi “Vodiy maxsus texno montaj” MCHJdan “Soliy Xorazchi” fermer xo‘jaligi foydasiga 87 million 500 ming so‘m mablag‘ni pensiyasi bilan birga undirish va pudrat shartnomasini bekor qilish yuzasidan Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritdi.
Konstitutsiyamizning 55-moddasiga muvofiq, har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi. Fuqarolik kodeksining 357-moddasida esa “Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi”, deya qayd etilgan. Ana shu asoslarga tayangan sud ikkala da’vo arizani ham qisman qanoatlantirdi. Ya’ni “Farg‘ona don klaster” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonasi hisobidan “Feruzbek nurli zamin” fermer xo‘jaligi foydasiga 301,5 million so‘m asosiy qarz, 18,5 million so‘m penya, “Vodiy maxsus texno montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan “Soliy Xorazchi” fermer xo‘jaligi foydasiga 87,5million so‘m asosiy qarz, 12,8million so‘m penya undirish xususida hal qiluv qarori qabul qildi. Boshqacha aytganda, shartnomaviy lafzsizlik javobgarlarga qimmatga tushdi. Shuningdek, sud qarorida “Vodiy maxsus texno montaj” MCHJ va “Soliy Xorazchi” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2024 yil 26 aprel kuni imzolangan 1/107/1-sonli pudrat shartnomasini bekor qilish ham belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, iqtisodiy sudlar faoliyatidan tadbirkorlar huquqlari himoyalangan bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Negaki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sudlar tadbirkorlar va tadbirkorlik sub’ektlarining chinakam himoyachisiga aylanib borayotir.
Tohirjon Mamatojiyev,
Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudi raisi