Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Sardorbek Eldorbek hamkor” MCHJ rahbari L.A.ning murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, “Sardorbek Eldorbek hamkor” MCHJ bilan Sardoba tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida 2021 yil 6 yanvar kuni tuzilgan 1-sonli shartnomada avtomobil transportida xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan bo‘lib, shartnomaga asosan tadbirkor unitar korxona tomonidan unga tashishlar uchun topshirilgan yukni belgilangan manzilga yetkazib berish, tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi yuklarni tashib berish xizmati haqini to‘lash majburiyatini olgan.
Shunga ko‘ra, jamiyat tomonidan 352 126 449,87 so‘m miqdoridagi yuklar yetkazib berilgan.
Taraflar o‘rtasida 2021 yil 1 aprel kuni avtomobil va mexanizmlar ijarasi uchun bir oy muddatga tuzilgan 2-sonli shartnomaga asosan tadbirkorga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari orqali 75 000 000 so‘m miqdoridagi ishlar amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, 2021 yil 14 iyul kuni “Sardorbek Eldorbek hamkor” MCHJ bilan Sardoba tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida tuzilgan 57-sonli pudrat shartnomasiga asosan mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Sardoba tumani Yangiqishloq mahallasi Tong-3 ko‘chasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 239 514 838,95 so‘m miqdoridagi ishlar bajarilgan.
Biroq Sardoba tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan shartnoma shartlari buzildi, bajarilgan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish paysalga solinib, majburiyatlar unutildi.
“Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.
Yuqoridagilarga asosan, adliya boshqarmasi tomonidan “Sardorbek Eldorbek hamkor” MCHJ manfaatida Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur da’vo arizasi qanoatlantirildi, sudning hal qiluv qarori bilan Sardoba tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Sardorbek Eldorbek hamkor” MCHJ foydasiga 493 639 695 so‘m asosiy qarz va 79 000 000 so‘m penya, shuningdek Respublika byudjetiga 14 809 190 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi.
Sh.Suyarov, O‘zA