Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shartnoma shartini buzgan Oqoltin obodonlashtirish boshqarmasidan 33 million so‘m undirish belgilandi
17:34 / 2021-05-02

Shartnoma ikki kishi yoxud tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosidir. Bunda shartnomada belgilangan shartlar bajarilishi uchun oldindan kelishiladi va bajarilishi shart.

Ammo shartnoma tuzganda rozi bo‘lib, so‘ng so‘zini tutmaydigan holatlar ham uchrab turibdi.

Xuddi shunday 2 tomonlama shartnomalardan biri, joriy yilning 17 fevralida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani obodonlashtirish boshqarmasi va “Adhamjon hoji sara ko‘chatlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan edi. Ushbu tuzilgan sharnomaga ko‘ra, “Adhamjon hoji sara ko‘chatlari” MCHJ jami 1 ming 800 tup archa va boshqa manzarali daraxat ko‘chatlarini yetkazib berishi va buning evaziga tuman obodonlashtirish boshqarmasi esa MCHJ hisob raqamiga 33 million so‘m mablag‘ni o‘tkazib berishi lozim edi.

MCHJ rahbari O.Orzumatova ayol boshi bilan so‘zining ustidan chiqqan bo‘lsa, ikkinchi taraf, Oqoltin tuman obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari “Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim”, qabilida ish tutgan.

– Haqiqatdan ham O.Orzumatova rahbarligidagi “Adhamjon hoji sara ko‘chatlari” MCHJ a’zolari tuzilgan ikki tomonlama shartnomadagi shartlarga ko‘ra, joriy yilda tumanda “Obod qishloq” dasturiga kirgan Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun shartnomadagi jami 1 ming 800 tup archa va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlarini olib kelib bergan, – deydi Oqoltin tuman adliya bo‘limi boshlig‘i T.Karimov. – MCHJ shartnomada ko‘rsatilgan shartni bekamu-ko‘st to‘liq bajargan. Ammo shartnomaga qo‘l qo‘ygan ikkinchi taraf – Oqoltin tuman obodonlashtirish boshqarmasi kelishilgan 33 million so‘m mablag‘ni o‘tkazib bermay, shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzgan. Ushbu qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan tadbirkor manfaati yo‘lida Oqoltin tuman iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilib, sudning qarori bilan tadbirkor foydasiga 33 million so‘m undirish belgilanib, tadbirkor murojaati qanoatlantirildi.

Ha, adolat o‘rnatildi. Ammo behuda sarflangan vaqt va naqd, sog‘likni joyiga qaytarib bo‘ladimi?...

A.Qayumov, O‘zA