Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shartli ozod qilingan mahkumlar, ijobiy hal etilgan aliment – sayyor qabulda yana qanday masalalar hal etildi?
20:57 / 2023-10-20

Inson qachon o‘zini farovon yurt vakili deb his etadi – albatta, uning huquqlari davlat tomonidan himoyalanganini his etsagina. Aholi murojaatlari va muammolarini tezda hal etish, manfaatlarini himoya qilish esa ishonchni shakllantirib boradi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari mas’ullari boshchiligida respublikamiz bo‘ylab sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.

Ayni shunday tadbirlardan biri Andijon shahri hamda Andijon, Bo‘ston, Xo‘jaobod tumanlarida tashkil etildi.

Unda viloyat sud, prokuratura, ichki ishlar, soliq, adliya va bojxona boshqarmalari rahbarlari aholi murojaatini tinglab, ularga yechim topish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Viloyat sud vakillari tashkil etgan sayyor sud majlislarida 51 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, 18 nafar shaxsning aliment undirish yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi. 4 nafar fuqaroning o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha taraf bilan yarashib olganligi sababli ish yuritishdan tugatishni so‘rash bo‘yicha murojaati ijobiy hal etildi.

Respublika ishchi guruhi ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat prokuraturasi vakillariga qabullar jarayonida jami 110 nafar fuqaro turli mazmunda murojaat etib, ko‘tarilgan masalalarning 56 tasi joyida ijobiy hal qilindi, 53 nafar fuqaroning murojaati ijro uchun nazoratga olindi.

Misol uchun, Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan fuqaro N.Sattarova aliment pullarini undirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Mas’ullar aralashuvi bilan 4,8 million so‘m qarzdorlik to‘liq undirilgan. Qo‘rg‘ontepalik D.Abdurahmonovaning shu masalada qilgan murojaati natijasida 30 million so‘m qarzdorlik undirildi.

Ichki ishlar boshqarmasi vakillari tomonidan qabul jarayonida 117 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Ularning 80 dan ortig‘i ijobiy hal etilib, 30 ga yaqini ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.

Tadbirlar jarayonida Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan jami 43 ta fuqaro qabul qilinib, 30 dan ortig‘i joyida qanoatlantirilgan. Misol uchun, fuqaro S.Mamirjonova onasidan qolgan merosni rasmiylashtirish masalasida murojaat qilgan bo‘lsa, G.Ahrolova ancha yildan buyon 2016 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan qiziga tug‘ilganlik guvohnomasini ololmayotganligi bo‘yicha murojaat qilgan. Ularning masalasi o‘sha yerning o‘zida hal etib berildi.

Viloyat soliq boshqarmasi vakillari jami 81 nafar fuqaroning murojaatini qabul qildi. Unda soliq sohasida maslahat olish, imtiyozlardan foydalanish, mol-mulk va yer soliqlari ko‘p hisoblanganligi, ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarib berish va soliq hisobotlarini qabul qilish kabi masalalarda murojaat bo‘ldi.

Umuman olganda sayyor qabullar davomida jami 464 ta murojaat kelib tushdi, 60 foizi joyida ijobiy hal etildi. 

Respublika ishchi guruhi qabullari davom etmoqda.

Abdulaziz Rustamov, O‘zA