O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga press-tur uyushtirildi. Tadbirda jurnalist va yosh tadqiqotchilarga institut faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari qo‘lyozmalar fondining restavratsiya laboratoriyasi ish jarayoni bilan tanishib, xodimlar bilan suhbatlashdi.
Institutdagi qo‘lyozmalar majmuasidagi asarlar o‘zbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uyg‘ur va boshqa tillarda yozilgan. Mazkur asarlar o‘rta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, ya’ni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, falakkiyot, kimyo, tabobat, jug‘rofiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, ma’danshunoslik va boshqa sohalarga oid. Hozirgi vaqtda qo‘lyozmalar xazinasida 26 ming jildga yaqin qo‘lyozma saqlanmoqda. Ularning ko‘pchiligida bir qancha asarlar jamlangan. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 40 mingga yaqin jildni tashkil etadi. Ular O‘rta Osiyo, shuningdek, Sharq mamlakatlari – arab davlatlari, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya, Xitoy, Eron, Hindiston tarixini o‘rganishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, institutning qo‘lyozmalar xazinasida 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar, fondda ming yillik tarixni qamrab oluvchi tarixiy hujjatlar ham saqlanadi. Ulardan eng qadimiysi X asrga va eng yangilari XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklariga oid arxiv hujjatlari ularning asosiy qismini tashkil etadi. Bu hujjatlarni o‘rganish va nashr etish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
1952 yildan boshlab institut xazinasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar fihristinini nashr etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunga kelib «O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari to‘plami» nomli fihristning 11 jildi va tarix, tabobat, tabiiy fanlar, tasavvufga oid hamda «Sharq miniatyuralari» kataloglari ham nashr etildi. Qo‘lyozmalarni kataloglashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
2000 yilda institutning qo‘lyozmalar xazinasi dunyodagi eng boy qo‘lyozmalar majmuasi sifatida YUNESKO Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.
- Avvallari xodimlarni ishga olishda til bilishiga katta ahamiyat qaratilmasdi, -deydi institut Qo‘lyozmalar fondi rahbari Sharifjon Islomov. - Hozir talablar kuchaygan. Biroq ularni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmayapmiz. Shunga muvofiq kadrlarga ehtiyoj katta. Sohaning jozibadorligini oshirishga, yoshlarni jalb qilishga katta e’tibor qilinmayapti. Qo‘lyozmalar bilan ishlaydigan, manbalarni tiklashga astoydil qiziqishi bo‘lgan yoshlargina keladi. Chunki maosh qoniqarli emas.
Malumot o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida mikrofilmlashtirish va skanerlash bo‘limi faoliyati 2007 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Unga qadar noyob manbalarning faqat mikrofilm nusxalarini tayyorlash va ulardan foydalanish tizimi mavjud bo‘lgan. Mazkur bo‘limga 2007 yildan Gerda Xenkel loyihasi doirasida Germaniyada ishlab chiqarilgan maxsus skaner sotib olingan. 2018 yil O‘mon sultonligi mablag‘i hisobiga qurilgan institut yangi binosida bo‘lim zamonaviy skaner qurilmalari bilan ta’minlangan. Bo‘limda 4 mutaxassis faoliyat olib boradi.
D. Mamatova, O‘zA