Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharqiy harbiy okrugda o‘quv fakulteti tashkil etildi
05:48 / 2025-11-13

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, harbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va hududlarda ofitser hamda serjantlar tarkibini zamonaviy talablar asosida tayyorlash maqsadida harbiy okruglar qoshida o‘quv fakultetlari tashkil etildi. 

Sharqiy harbiy okrugda ham Harbiy xavfsizlik va Mudofaa universitetining o‘quv fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu fakultetda harbiy xizmatchilar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan bo‘lib, tinglovchilar zamonaviy harbiy boshqaruv, ilg‘or qurol-aslaha bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda psixologik tayyorgarlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab boradi. Fakultetda vzvod va guruh komandirlari, serjantlar, artilleriya sohasining quyi bo‘g‘inidagi ofitserlari, razvedka va maxsus operatsiyalar kuchlari mutaxassislari, muhandislik qo‘shinlari hamda radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza bo‘yicha mutaxassislar, uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlari va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kichik mutaxassislar malaka oshiradi. 

[gallery-26218]

Shuningdek, tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishidagi ofitserlar uchun ham maxsus kurslar tashkil etilgan. Dual ta’lim tizimi joriy etilgan mazkur fakultetda nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanib, harbiy xizmatchilar ilg‘or tajribalarni egallash va ularni xizmat faoliyatida samarali qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tashabbus harbiy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, mamlakat mudofaa salohiyati va harbiy kadrlar tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA