Jurnal shu kunlar tabarruk 70 yoshini nishonlayotgan iste’dodli shoir Chorsham’ning “Sohillarga borgim kelmoqda” nomli she’riy turkumi bilan boshlanadi:
Barorim yo‘q, madorim yo‘q,
Arosatda kechar umrim.
Sening yoding ila har dam
Munavvardir vale ko‘nglim.
Bu yo‘l buncha uzun ekan,
Bahri-dilim yupun ekan.
Bir men desam, bir men desam,
Oshiq eli zabun ekan... deb yozadi shoir.
Tojikistonlik taniqli shoir Sayfullo Qulayevning dilbar g‘azallaridagi oshiqona ruh, dardlar... muhabbat po‘rtanalari o‘laroq qalbingizga oqib kirayotgandek bo‘ladi:
Gul o‘stirdim ko‘zim ichra, nazarga ilmadi ul yor,
Bukun gul o‘sgan ul bir juft ko‘zimni o‘zgalar ko‘rsin.
Diling pora, boshing yoriq, oyoq singan, siqilma Sayf,
Po‘lat bardosh, temir toqat – to‘zimni o‘zgalar ko‘rsin...
Kinoshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Hamidullo Akbarovning “Oydin kechalar” kinoqissasidan berilgan parcha, yozuvchi Jo‘ra Fozilning “Muhabbatning yaldo tuni”, Mizrob Bo‘ronovning “Odamgarchilik”, Umid Xolliyevning “Qayg‘u” nomli hikoyalari, Suhrob Ziyo, Nosirjon Toshmatov, Maqsuda Egamberdiyeva, Zebo Omonova, Guli Nigor, Abdulla Boboyorovning o‘tlug‘ va isyonkor she’rlari, Abdujalol Rahimning “Mening Chinozim” nomli essesi, Orzuqul Ergashning “Umr qiymati” nomli dilnomasi – hamma-hammasidan ko‘nglingiz yayraydi.
Jurnalning yangi sonini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA