English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sharq xalqlari musiqa merosi – olimlar nigohida
15:47 / 2024-08-27

Samarqand shahrida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilayotgan anjumanda 32 xorijiy davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashmoqda.

Konferensiya tashkiliy qo‘mitasi rahbari, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanovning ta’kidlashicha, festivalning bu galgi ilmiy-amaliy anjumanida ilk bor 32 davlatdan musiqashunos, folkorshunos olimlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, yosh tadqiqotchilar qatnashmoqda. Konferensiyaga 40 dan ortiq davlat musiqashunoslari tomonidan 100 tadan ko‘proq, yurtimiz olimlaridan esa 70 ta ilmiy maqola taqdim etildi.

Anjumanda, shuningdek, ZOOM platformasi orqali xorijlik va mahalliy olimlar qatnashmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori o‘rinbosari Xosagraxar Joti Visvesvariya, Turkiy madaniy va meros fondi prezidenti Aktoti Raimqulova, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov so‘zga chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.  

Jumladan, O‘zbekiston madaniyat vaziri “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali doirasida an’anaviy o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanlar Sharq xalqlari musiqa madaniyati tarixi va rivojlanish jarayonlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida milliy musiqa, san’at an’analarini asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etish g‘oyat muhimligini qayd etdi. Konferensiya qatnashchilariga o‘ziga xos sovg‘a sifatida tayyorlangan “Maqom kapsulasi” taqdim etildi.  

– Maqom inson ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi musiqiy merosimiz durdonasi hisoblanadi, – dedi Ozodbek Nazarbekov. – Olimlarimiz maqom qo‘shiqlari va musiqalari inson kayfiyatiga, kechinmalari va tafakkuriga ta’sir qilishini o‘rganishgan. Lekin qaysi qo‘shiqni, kuyni qachon tinglashni ko‘pchilik bilmaydi. Shuning uchun o‘zbek milliy maqomlarini, ular haqidagi ma’lumotlarni ushbu fleshkaga joylashtirib, dori vositalari shaklida tayyorlashga va uni “Maqom kapsulasi” deb nomlashga qaror qildik.  

Konferensiyada xorijlik va mahalliy mutaxassislar tomonidan milliy musiqa san’atini turkiy davlatlar musiqa madaniyati bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.

[gallery-18945]

Kunning ikkinchi yarmida anjuman Sharq xalqlari mumtoz musiqa ijodiyotida umummilliy an’analarning mushtarak jihatlari, musiqa ijrochiligining zamonaviy jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari shu’balarida o‘z ishini davom ettirdi.

Shuningdek, yurtimizning tanqili musiqashunos olimlari hamda san’atkorlar tomonidan mahorat saboqlari o‘tkazildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari